Prezident Shavkat Mirziyoev 18 aprel kuni suv xo`jaligida va farmasevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
Yig`ilish avvalida suv xo`jaligidagi 4 ta katta masala tahlil qilindi. Bular – suv yo`qotilishi, nasos stansiyalarining energiya iste`moli ko`pligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar bilan bog`liq.
Xususan, kanallarning foydali ish koeffisienti pastligi va ichki tarmoqlarda suv ko`p yo`qotilishi oqibatida qishloq xo`jaligida yiliga 4 milliard 800 million dollar kam daromad olinayapti.
Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida, tajriba tariqasida, yopiq quvurli sug`orish tizimini joriy qilish mo`ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu loyiha tashabbuskorining takliflarini eshitib, uni qo`llab-quvvatladi. Bunday ishlarni suv etkazib berish xarajatlari eng yuqori bo`lgan Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirish zarurligini ta`kidladi.
Bunga ilm bilan yondashib, loyiha xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sug`orish tizimini joriy qilish bo`yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Ma`lumki, uzoq dalalarga suv nasos stansiyalari yordamida etkaziladi. Ularning aksariyati eskiligi tufayli elektr energiyasi iste`moli juda yuqori. Hali birorta ham yirik nasos stansiyasi muqobil energiya manbaiga o`tkazilmagan. Shartlar aniq belgilanmagani sababli ko`p tadbirkorlarning loyihalari to`xtab turibdi, byudjetdan elektr uchun katta mablag`lar sarflanayapti.
Shu bois nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Bunga Toshkent Irrigasiya instituti olimlari jalb qilinadi, samarali loyihalarga qulay shartlarda kreditlar beriladi.
Minataqamizda suv tanqis bo`lgan bir sharoitda, yurtimizda yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti.
Prezidentimiz sel suvlarini kichik manbalarda jamg`arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo`llab-quvvatlash zarurligini ta`kidladi.
Bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadigan bo`ldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o`zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.
Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug`oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday erlar 2 baravar ko`paytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qo`shimcha 200 ming gektarda suv ta`minoti yaxshilanadi.
Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo`lga qo`yilishi belgilandi.
So`nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg`irlatib sug`orish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan.
Bunday texnologiyalarni yanada rag`batlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot etishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million so`mdan 8 million so`mga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi.
Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga etkazib, moliyaviy rag`batlantirish muhimligi qayd etildi. “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi bo`yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo`yildi.






