Navoiy viloyatida aholi murojaatlari asosida o`rganishlar olib borilib, natijada ohak ishlab chiqaruvchi bir qancha sexlar faoliyati to`xtatildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, murojaatlar asosida o`rganish ishlari olib borilgan. Tahlil natijalariga ko`ra, atmosfera havosiga zaharli moddalar me`yoridan ortiq chiqarilayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, hududlardagi ohak ishlab chiqarish sexlari xatlovdan o`tkazilganda Karmana tumani "Dehqon" MFYda yashovchi B.A. va Qiziltepa tumanida yashovchi T.K.larga qarashli ohak ishlab chiqarish sexi ham noqonuniy tarzda faoliyat yuritib kelayotganligi ma`lum bo`ldi.
Holat yuzasidan MJtKning tegishli moddalariga asosan ma`muriy ish qo`zg`atildi. Shuningdek, sex faoliyati ko`rsatib o`tilgan holatlar bartaraf etilguniga qadar vaqtincha to`xtatildi.
Shu bilan birga, Navbahor tumani "Qorajon"MFY hududida S.Sh. noqonuniy ravishda ohak pishirish sexi ishlatayotgani aniqlandi.
Ushbu holat bo`yicha fuqaroga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilandi. Ohak pishirish sexi esa joyida buzib tashlandi.
Bundan tashqari, Karmana tumani hududida faoliyat yuritayotgan ohak ishlab chiqarish sexlari — "Shaxboz Navoiy", "Gold Cheken Farm", "Hamid Akrom Kelajagi Servis", "Imron Karmana Navoiy" MChJariga hamda fuqarolar D.B., B.A., T.F., K.T.larga tegishli tartibda chang-gaz tozalash uskunalarini o`rnatish to`g`risida ogohlantirish xatlari berildi.






