Prezident Shavkat Mirziyoev kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan reja va takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda kartoshkaga bo`lgan talab qariyb 4 million tonnani tashkil etadi. Shuning 80 foizdan ziyodi yurtimizda etishtirilib, qolgan qismi import hisobidan to`ldirilmoqda.
Sababi – sohada bir qancha muammolar bor. Masalan, bugungi kunda 253 ming gektarda kartoshka ekilayotgan bo`lsa, o`rtacha hosildorlik 163 sentnerni tashkil etmoqda. Chet ellardagiga qaraganda bu juda past ko`rsatkich.
Yana bir katta muammo urug`chilik bilan bog`liq. Aholi va dehqonchilik xo`jaliklari elita va R1 urug`lik o`rniga import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda. Yuqori hosilli urug`lik kartoshka etishtirish uchun ekin erlari va issiqxonalar, ularni saqlash uchun omborxonalar etarli emas. Hosildorlikning kamayishiga sabab bo`luvchi virus va bakteriyali kasalliklarni tekshiradigan laboratoriyalar yo`q.
Yig`ilishda ushbu dolzarb masalalarni hal etish, kartoshkachilik va uning urug`chiligini rivojlantirish bo`yicha takliflar muhokama qilindi.
Bugungi kunda milliy genofondda 250 xil kartoshka navi mavjud bo`lib, 4 ta korxona va ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 27 ta navdan milliy urug` yaratish bo`yicha ishlar boshlangan.
Ulardan biri Samarqanddagi O`zbekiston – Koreya qo`shma korxonasidir. Uning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birinchi bosqichda Bulung`ur, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 500 gektar, ikkinchi bosqichda Toshkent viloyatining Bo`stonliq, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Shahrisabz tumanlaridan 2 ming gektar er ajratish mo`ljallanmoqda.
Urug`chilikni rivojlantirish uchun Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida 4 gektarlik, Samarqanddagi “Green Korea agro Invest” korxonasida 1 gektarlik issiqxona va sovutgichli omborxonalar qurish rejalashtirilgan. Bu loyihalar Jahon banki mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi va “in vitro” usulida kartoshka urug`ini etishtirishning to`liq sikli yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida “ilm – ta`lim – ishlab chiqarish” tamoyili bo`yicha Kartoshka urug`chiligi markazi tashkil etiladi. Kartoshkaning yashirin virus kasalliklari va sifat ko`rsatkichlarini aniqlash bo`yicha 4 million dollarlik laboratoriya ishga tushiriladi.
Shu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2025 yildan kartoshka urug`chiligiga bo`lgan ichki talab to`liq ta`minlanishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, urug`lik kartoshka etishtirish hajmini oshirish va sifatini kafolatlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Qishloq xo`jaligi vazirligiga 500 tonna elita kartoshka urug`larini 1 ming 700 ta aholi tomorqalariga bepul tarqatish, kartoshka etishtiruvchilarga imtiyozli mablag`lar ajratish vazifasi qo`yildi.






