Qozog`istonning Qizilo`rda shahridagi uyda yuz bergan portlash qo`shni uyning tashqi videokameralariga tushib qoldi.
Voqea joyiga zudlik bilan o`t o`chiruvchi va qutqaruvchilar etib kelgan. Ular portlashga ehtimoliy gaz sizib chiqishi sabab bo`lganini aniqladi. Uy yonib, ba`zi joylari qulab tushgan. Olov yaqin atrofdagi binoni qamrab olgan.
Jarohatlanganlar orasida O`zbekiston fuqarosi ham borligi aniqlandi. U 1984 yilda tug`ilgan Jurabek Po`latov ekani ma`lum qilindi. Qozog`iston Favqulodda vaziyatlar departamentining xabar berishicha, erkak oyoq-qo`llaridagi 1-darajali kuyish bilan shahar shifoxonasiga etkazilgan.
“O`zbekiston fuqarosi yuzi, ikki qo`li va ikkala boldirining ayrim joylaridan termik kuyish jarohatini olgan. Bemorning ahvoli o`rtacha og`irlikda”, — deyiladi ko`p tarmoqli shahar shifoxonasi xabarida.
Voqea joyida Tabiiy ofatlar tibbiyoti markazi, polisiya va gaz ta`minoti tashkiloti xodimlari ham ishlagan.






