O`zbekistonda milliy emlash kalendari asosida “Odam papilloma virusi (VPCh)”ga qarshi emlash o`tkazilmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko`ra, har yili dunyo bo`yicha 528 000 nafar ayol bachadon bo`yi saratoni kasalligi bilan kasallanib, ulardan 266 000 nafari nobud bo`lmoqda. O`zbekistonda esa har yili 1660 nafar ayol bachadon bo`yni saratoni kasalligiga chalinayotgan bo`lsa, 608 nafar ayol vafot etmoqda.
Kasallikning profilaktikasi 9 yoshdagi qizlarni papilloma virusiga qarshi emlash hisoblanadi. Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra bachadon bo`yni saratoni O`zbekistonda barcha yoshdagi ayollar o`rtasida ko`krak bezi saratonidan keyingi o`rinda turadigan va eng ko`p tarqalgan saraton kasaligi hisoblanadi. Joriy yilning aprel va may oylarida joylardagi davolash-profilaktika muassasalarining emlash brigadalari tomonidan papilloma virusi kasalliklarining oldini olish maqsadida odam papillomasi virusi vaksinasi bilan milliy emlash kalendari asosida 9 yoshdagi qizlarni emlash tadbirlari olib boriladi.
Buning uchun 3138 ta emlash punktida tibbiyot xodimlarining tayyorgarligi oshirilib, rejaga asosan 307 064 nafar 9 yoshdagi qizni emlash qamrovi jarayoni davom etayapti.
Respublika Virusologiya ITI, Onkologiya va akusherlik-ginekologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazlari tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, agar VPCh vaksinasi bilan emlash o`tkazilsa kelgusida 1100 nafar ayolni bachadon bo`yni saratoni bilan kasallanishining oldi olinadi, qolaversa 583 nafar ayolning hayotini saqlab qolishga erishiladi.






