13 aprel kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 331-maktabning o`quvchi qizlari bir qizni urayotgani aks etgan video ortidan IIO FMB tergov bo`limi jinoyat ishi qo`zg`atdi.
Aniqlanishicha, 12 aprel kuni darsdan so`ng 2006 va 2007 yilda tug`ilgan qizlar tumandagi 8-hududdagi qurilishi tugallanmagan ob`ektda 2009 yilda tug`ilgan qizni urib, engil tan jarohati etkazgan. Bunda ularning jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, jamoat tartibini buzgani aytildi.
Tarqalgan videotasvirlarda o`quvchilarning atrofida ham bir guruh qizlar holatni kuzatib turganini ko`rish mumkin. O`sha vaqtda ulardan biri voqeani tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan.
Toshkent shahri Maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi maktab ma`muriyati bundan o`sha kuni kechqurun xabar topganini aytdi.
«Ertasi kuni maktab ma`muriyati janjal ishtirokchilarining ota-onalarini chaqirtirib, ular bilan tushuntirish ishlarini olib borgan. Voqea yuzasidan ma`muriyat Yangihayot tumani IIO FMBga murojaat qilgan», — deyiladi xabarda.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov davom etmoqda.






