O`zbekiston Xitoy bilan yuridik kadrlarni tayyorlashda hamkorlik qilishi kutilmoqda. Bu haqda O`zbekiston elchixonasi tashabbuskorligida Chunsin shahridagi Xitoy Janubiy – G`arbiy siyosiy fanlar va huquq universitetida davra suhbatida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbir O`zbekistonda oliy ta`lim sohasida, xususan, yuridik kadrlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mavzusiga bag`ishlangan.
Uchrashuvda mamlakatda yurisprudensiya mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash borasida Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Xitoy kabi davlatlarning tajribalari o`rganilayotgani qayd etildi.
Xitoy tomoni suhbat davomida Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlik to`g`risida memorandum imzolash va uning dorasida mazkur universitetlar qoshida Xitoy va O`zbekiston huquqini o`rganish markazlarini tashkil etishga tayyor ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, memorandumning imzolanishi kelajakda o`zaro hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, qo`shma ta`lim va ilmiy dasturlarni yo`lga qo`yish, professor-o`qituvchilar va xodimlar uchun malaka oshirish va amaliyot o`tash dasturlarida ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratishi, shuningdek, talabalar almashuvini yo`lga qo`yish, hamkorlikda turli tanlovlar, konferensiya, seminar va davra suhbatlarini o`tkazish uchun huquqiy asos bo`lib xizmat qilishi ta`kidlandi.






