Qozog`istonning sobiq bosh vaziri va Milliy xavfsizlik qo`mitasining sobiq rahbari Karim Masimov hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinishda ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Uning o`rinbosarlari - Sadiqulov, Ergojin va Osipov mos ravishda 16, 15 va 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi, ularning barchasi general unvonlari va davlat mukofotlaridan mahrum etildi.
Masimov 2022 yil yanvarida Qozog`istonning ko`plab viloyatlarini qamrab olgan tartibsizliklardan so`ng darhol hibsga olingan edi. Hibsga olingan paytda u mamlakatning asosiy razvedka agentligini boshqargan. Dastlab u davlatga xiyonatda ayblangan.
U Qozog`istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboevning yaqin safdoshi sanaladi - uning davrida u ikki marta, 2007-2012 va 2014-2016 yillarda hukumatni boshqargan va orada prezident ma`muriyatini boshqargan.
Qozog`istondagi tartibsizliklar bostirilgandan so`ng OAV Nazarboevning atrofidagilar yangi prezident Qosim-Jomart Tokaev pozisiyasiga putur etkazish maqsadida vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor bo`lishi mumkinligi haqidagi versiyalarni faol muhokama qildi.
Qozog`istondagi yanvar voqealari siyosiy va biznes elitasini tozalashga olib keldi. Sobiq prezidentning ko`plab qarindoshlari va yaqinlari davlat lavozimlari va korxonalaridan ayrildi, ba`zilari hibsga olindi. Ular orasida Masimov ham bor edi.
Nazarboevning o`zi umrbod "elbasi" – “millat etakchisi” unvonidan va Qozog`iston Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan ayrilgan, biroq unga nisbatan qatag`on bo`lmagan.






