AsosiyDunyo

JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir sirop haqida ogohlantirmoqda

'JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir sirop haqida ogohlantirmoqda'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Marshall orollari va Mikroneziyada Hindistonda ishlab chiqarilgan xavfli yo`tal siropi yuki topilganini ma`lum qildi. Bu haqda BBS xabar bermoqda. 

JSST Panjob QP Pharmachem Ltd tomonidan ishlab chiqarilgan Guaifenesin TG siropining sinovdan o`tkazilgan namunalarida “qabul qilib bo`lmaydigan miqdorda dietilen glikol va etilen glikol” borligini ta`kidladi. 

Ta`kidlanishicha, sirop tarkibidagi ikkala birikma ham odamlar uchun zaharli va iste`mol qilingan taqdirda o`limga olib kelishi mumkin. JSST bayonotida kimdir preparat oqibatida kasal bo`lgan-bo`lmaganiga aniqlik kiritilmagan. JSSTning mazkur ogohlantirishi Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” yo`tal siroplari Gambiya va O`zbekistonda bolalar o`limiga olib kelganidan keyingisi hisoblanadi. 

QP Pharmachem Ltd boshqaruv direktori Sudhir Pazakning aytishicha, kompaniya barcha tartibga soluvchi ruxsatlarni olgandan keyin 18 346 ta sirop partiyasini Kambodjaga eksport qilgan. U mazkur mahsulot Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday etib kelganini bilmasligini aytdi.

“Biz dorilarni Tinch okeani mintaqasiga jo`natmaganmiz va ular u erda foydalanish uchun sertifikatlanmagan. Siroplar Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday sharoitda etib kelganini bilmaymiz”, — degan u.

Pazak uning kompaniyasi dori-darmonlar partiyasini Kambodjaga eksport qilgan firmaga qonuniy bildirishnoma yuborganini aytdi. JSST bayonotida aytilishicha, ko`krak qafasidagi yo`tal alomatlarini yo`qotish uchun ishlatiladigan mahsulot Avstraliya dori vositalari boshqarmasi, Terapevtik tovarlar boshqarmasi tomonidan sinovdan o`tgan.Sirop Haryana shtatida joylashgan Trillium Pharma tomonidan sotilgan. Trillium vakili va Hindiston hukumati mazkur xabarga munosabat bildirmagan.

“Na ko`rsatilgan ishlab chiqaruvchi, na sotuvchi JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati bo`yicha kafolat bermagan”, — deyiladi tashkilot bayonotida. Nega Hindistonda ishlab chiqarilgan dorilar xavfsizlik bilan bog`liq muammolarni keltirib chiqarmoqda?

Hindiston rivojlanayotgan mamlakatlarning tibbiy ehtiyojlarining katta qismini qondiradigan umumiy dori vositalarining dunyodagi eng yirik eksportchisi hisoblanadi. Ammo so`nggi oylarda ko`plab hind firmalari o`z dori-darmonlarining sifati uchun tekshiruvdan o`tmoqda va mutaxassislar ushbu preparatlarning ishlab chiqarish amaliyotidan tashvishlanmoqda.

Oktyabr oyida JSST global ogohlantirishni e`lon qilgan va Maiden Pharmaseutisals tomonidan ishlab chiqarilgan to`rtta yo`tal siropi Gambiyada buyrak shikastlanishidan 66 bolaning o`limiga olib kelganini aytgan.Hindiston hukumati ham, Maiden Pharmaseutisals kompaniyasi ham bu ayblovlarni rad etgan.Mart oyida Hindiston yo`tal siroplari O`zbekistonda bolalarning o`limiga aloqador bo`lgan firmaning ishlab chiqarish lisenziyasini bekor qilgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar