​Qanday mahsulotlar kuchli allergen hisoblanadi?

Salomatlik 30.04.2023, 10:13
​Qanday mahsulotlar kuchli allergen hisoblanadi?

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori  Ilmira Razikova kuchli allergen mahsulotlar haqida ma`lumot  berdi. Bu xaqida SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

— Oziq-ovqat allergiyasi mahsulotlar tarkibidagi oqsil va oqisilsimon moddalar ta`sirida vujudga keladi. Masalan, bolalarda kasallik ko`pincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida noto`g`ri ovqatlanishi sababli rivojlanadi. 

Chaqaloq sun`iy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tug`ilsa yoki oshqozon-ichak, o`t, jigar kasalliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin. 

 Qolaversa, bolalar sevib iste`mol qiladigan sigir suti — kuchli allergiya qo`zg`atuvchi mahsulot. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud.  Ularga 5-6 yoshgacha bo`lgan o`g`il-qizlarda allergiya kuzatiladi. 

Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomueoid, ovotransferrin va ovomusin oqsillar guruhlarini o`z ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada o`rganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaksiyalarni yuzaga keltirishi ma`lum bo`ldi. 

 Baliq — kuchli antigen. Uning go`shtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi o`rganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.

Bug`doy va soya ham ba`zida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada o`rganish natijasida uning tarkibida  Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.

Go`sht mahsulotlari orasida esa parranda go`shti boshqalariga nisbatan ko`proq antigen xususiyatga ega. 

Sitrus mevalar, qulupnay va ertut ham ko`proq allergiya qo`zg`aydi. Yong`oqqa allergiyasi bo`lganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham ta`sirchan bo`ladi. 

Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab bo`luvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi eryong`oqdir. Bu mahsulot ko`p hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi. Undan so`ng turli xil yong`oqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar ro`yxatidan joy olgan.

Allergiyaning asl sababi immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo bo`ladi.

(Davomi bor!)


@ssvuz | @ssvmatbuotkotibi | Facebook | Instagram

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1