Qozog`iston Prezidenti Qosim-Jomart To`qaev Qozog`istonga birinchi marta rasmiy tashrif bilan kelgan Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan uchrashdi. Bu haqda “Akorda” matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari FIFA prezidenti bilan Qozog`iston futboli salohiyatini va respublikada yoshlar sportini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, u Janni Infantinoni qayta FIFA prezidentligiga saylangani bilan tabrikladi va federasiya rahbari sifatidagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirdi. To`qaev FIFA prezidentining Qozog`istonga kelishi sportni rivojlantirish nuqtai nazaridan juda muhim ekanini ta`kidladi.
“Dunyodagi eng ommabop sport turi bo`lgan futbolni rivojlantirish uchun ko`p ishlar qilayotganingizni bilaman. Biz sizning sa`y-harakatlaringizni qadrlaymiz va FIFA prezidenti sifatida sizni qo`llab-quvvatlayman. Biz FIFA va shaxsan siz bilan yaxshi hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz”, deydi Qosim-Jomart To`qaev.
To`qaev Infantino bilan uchrashuvda Qozog`istonda 1 milliondan ortiq kishi tizimli ravishda futbol bilan shug`ullanayotganini, 17 ta futbol markazi va 2 ta akademiya faoliyat yuritayotganini, ularda 7 mingdan ortiq bola millionlar o`yini btlan shug`ullanayotganini eslatdi.






