”Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Evgeniy Prigojin Rossiya harbiy rahbariyatini haqorat qilib video e`lon qildi. U 4 may kuni o`ldirilgan vagnerchilar jasadlari uyumini ko`rsatib, ularning fonida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda shtab boshlig`i Valeriy Gerasimovni haqorat qilgan.
”Bular bugungi janglarda o`lgan ”Vagner” jangchilari. Ko`ring, hali qoni ham qotmagan. Endi meni eshitinglar, ***lar, bular kimningdir otasi, kimningdir o`g`li. O`q-dori bermayotgan marazlar esa do`zaxda ularning ichak-chavog`ini eydi. Bizda 70 foiz o`q-dori etishmayapti. Shoygu, Gerasimov, ***lar, qani o`q-dori? Mana bularga qaranglar, ***lar.
Siz hayvonlar qimmat klublarda o`tirasiz, o`g`illaringiz hayotdan rohatlanadi, yutubda roliklar oladi. O`q-dori saqlanayotgan omboringiz borligi uchun o`zingizni hayotning egalari va mana bu yotganlarning hayotini tugatishga haqli deb o`ylaysiz.
Oddiy hisob-kitob bor – qurol-yarog` bersangiz, o`liklar soni besh baravar kam bo`ladi. Ular bu erga ko`ngilli sifatida kelgan va qizil yog`ochli kabinetingizda pishqirib yotganingiz uchun o`lib ketishdi. Buni unutmang”, deb yakunlagan Prigojin o`z nutqini jazava bilan.
”Vagner“ asoschisining videosi uning axborot xizmatiga tegishli kanalda e`lon qilingan va hozirga qadar 2,8 million martaga yaqin ko`rilgan.
Bir kun avval Prigojin vagnerchilar Baxmutdagi janglar vaqtida kun davomida 230 metr siljigani va 116 nafar askarini yo`qotganini aytgandi.
”Kuchli snaryad etishmovchiligi his qilyapmiz. Mudofaa vazirligi bizga snaryad bermayapti, Ukraina cheksiz odamlar va snaryad bilan qarshi hujumni boshladi”, degandi Prigojin.
Rossiyalik harbiy muxbirlar esa Ukraina Zaporijjya va Vuhledar yo`nalishlarida hujumni kuchaytirgani haqida yozmoqda.






