1

O`zbekiston BMTning o`rmonlar bo`yicha forumida qatnashmoqda

Siyosat 12.05.2023, 09:12
O`zbekiston BMTning o`rmonlar bo`yicha forumida qatnashmoqda

AQShning Nyu-York shahrida BMT o`rmonlar bo`yicha forumining 18-sessiyasi bo`lib o`tmoqda. BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (ECOSOS) tomonidan tashkil etilgan forumda O`zbekiston salohiyati Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegasiya tomonidan yuqori darajada namoyish etilmoqda. 

Qayd etish joizki, tadbirda BMTning 2017–2030 yillarga mo`ljallangan o`rmonlar bo`yicha strategik rejasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O`rmonlar bo`yicha xalqaro bitim kuchga kirganidan keyin 2024 yilda o`rta muddatli baholashga tayyorgarlik ko`rildi.

Forum doirasida O`zbekiston tomoni raisligida Jahon banki, FAO (Food and Agrisulture Organization – Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti), BMT EIK, Kanada o`rmon xizmati va Chexiya o`rmon xo`jaligi instituti bilan hamkorlikda qo`shma tadbir tashkil etildi. Tadbirda BMTga a`zo davlatlarning 100 dan ortiq vakillari, o`rmonlarni boshqarish sohasidagi ma`muriy va ilmiy doiralar, shuningdek, xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so`zlagan Aziz Abduhakimov O`zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, keng ko`lamli obodonlashtirish aksiyasi, Orol dengizining qurigan tubida o`rmon barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berdi. Shuningdek, “Yashil makon” aksiyasi natijalariga to`xtalib o`tdi. Qolaversa, O`zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat hududiga nisbatan 2016 yildagi 4 foizdan bugungi kunda 14 foizga kengaytirilganini alohida ta`kidladi. 

Bundan tashqari, Jahon bankining tabiiy resurslar mintaqaviy departamenti direktori P.Agostini O`zbekistonda o`rmonlarni tiklash bo`yicha umumiy qiymati 142 million dollarlik loyihani taqdim etdi.

Yakunda tadbir ishtirokchilari Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan BMTning uchta yirik tadbiri – cho`llanish bo`yicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning ko`chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.

Tadbir 12 mayga qadar davom etadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1