AsosiyDunyo

11 maydan AQShga muhojirlarning kirish qoidalari kuchaytirildi

'11 maydan AQShga muhojirlarning kirish qoidalari kuchaytirildi'ning rasmi

Amerika Qo`shma Shtatlari mamlakatda boshpana izlovchilarni deportasiya qilish uchun cheklovlarni kuchaytiradi, deb yozadi The Washington Post nashri AQSh ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkasga tayanib. Gazetaning qayd etishicha, Vashington shu maqsadlar uchun qo`shinlarni ham safarbar qilmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2020 yil mart oyidan boshlab mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli sobiq prezident Donald Tramp davrida 42-modda deb ataladigan deportasiya masalasida maxsus rejim joriy qilingan edi. Unga ko`ra, muhojirlarga Covid-19 tarqalishi xavfi tufayli boshpana berish rad etilishi mumkin bo`lgan. Koronavirus sababli e`lon qilingan favqulodda holat tartibi 11 mayda tugadi, va shu bilan birga, 42-moddaga amal qilish ham to`xtatiladi. WP ma`lumotlariga ko`ra, bu vaqt ichida AQShdan Meksikaga 2,7 milliondan ortiq deportasiya amalga oshirilgan.

Mayorkasning aytishicha, amaldagi prezident Jo Bayden ma`muriyati noqonuniy muhojirlarga qarshi "yoqimsiz", ammo "zarur" choralarni taklif qildi. Unga ko`ra, chegarani noqonuniy kesib o`tgan va boshpana olish huquqiga ega bo`lmaganlar deportasiya qilinadi, qonuniy kirish huquqiga ega bo`lganlar uchun AQSh boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Yangi cheklovlar favqulodda holat tugaganidan keyin darhol kuchga kiradi.

Gazetaning qayd etishicha, rasmiylar Meksika bilan chegaraga u erda joylashtirilgan 2,5 ming Milliy gvardiya xodimlariga qo`shimcha yana 1500 nafar askar yuborish niyatida. Shuningdek, hozirda chegarada Milliy xavfsizlik departamentining 24 mingdan ortiq xodimlari, boshpana xizmatlari va tibbiyot mutaxassislari joylashtirilgan. 

CBS telekanali hujjatlarga tayanib, chegarani noqonuniy kesib o`tgan va avval uchinchi davlatdan boshpana so`raganini isbotlamagan noqonuniy migrantlar deportasiya qilinishi haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, bu birinchi navbatda Meksikadan emas Kuba, Nikaragua yoki Venesueladan kelgan muhojirlarga ta`sir qiladi.

CNN ma`lumotlariga ko`ra, Meksikada 155 ming kishi AQShga kirishni kutmoqda. O`sha kuni Amerika rasmiylari chegarani noqonuniy kesib o`tishning 10 600 dan ortiq holatlarini aniqlagan. Chegara va bojxona xizmati ma`lumotlariga ko`ra, bu bir kun ichida eng yuqori ko`rsatkich hisoblanadi.

    Boshqa yangiliklar