1

Sinoat: Jinko`ylak

Mutolaa 10.10.2016, 10:56
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Sinoat: Jinko`ylak

“Buvimning ko`ylagi ammamni qabr tomonga etaklagan ekan”

Maktublar bizga mushtariylardan turli yangiliklar, kechmishlar, quvonchu anduhlar keltiruvchi vosita desak yanglishmaymiz. Sababi, kimdir dardini yozib yuborsa, boshqa biroq sevinchini bo`lishadi. Yana kimdir hayotidagi sirli voqeani hayajon bilan bizga bitib yo`llaydi. Ushbu xat ham ana shunday g`aroyib voqeani jizzaxlik muxlisimiz Nazira Qulmuhamedova tilidan haqida so`zlaydi.

Bu voqea sodir bo`lganida men kichkina qizaloq edim. O`shanda hamma yoppasiga Gulsara ammam haqida gapirardi. Elas-elas eslayman, hatto bir qo`shnimiz meni to`xtatib, “Ammangni ko`rdingmi? Jinni bo`lib qolibdimi? O`z-o`zidan yugurib ko`chaga chiqib ketyaptimi? Uylaringga olib keldinglarmi?” deb so`ragandi. Men hali bola bo`lganim bois, elka qisib qo`yaqolgandim. Lekin uyda ham otam, amakilarim, onam va yangalarim barchasi pichir-pichir qilib nimalarnidir gapirishar, ora-sira “Gulsara” degan gap qulog`imizga chalinib qolardi. 

—  Vahima qilmanglar. Eri biladi. Qaynonalarining qulog`iga etmasin. “Ajrashtiraman”ga tushadi, — otamning tashvishli gaplarini yaqqol eshitgandim o`shanda. 

—  O`tib ketadi. Enamning o`limini ko`tara olmayapti. Qaynonasi ham tushunar, — degandi onam dalda bermoqchi bo`lgandek bo`lib. 

Nimalar bo`layotganini biz bolalar bilmasdik. Bilganim, ikki oycha avval buvim vafot etgandi. Hamma qayg`uda. Lekin birdan bu g`am unutilib, boshqa bir tashvish boshlangandek, uyda tinimsiz shivirlashishlar va shoshib chiqib ketishlar boshlangandi. Gohida otam yarim kechasi ham chiqib ketardi. 

—  Uyga olib kelamiz. Bunaqada bo`lmaydi. O`tgan safar nimadan yaxshi bo`lgandi? — dedi bir kuni otam tong saharda uyga kirib kelib. — Kechasi bilan olishib chiqdim. Kuch bermaydi. Xuddi ichida dev bordek. Ayol kishida ham shuncha kuch bo`ladimi?

—  Bolalar qo`rqib qolmaydimi? — onam xavotir bilan gapirdi.

—  Bezarar. Faqat... ko`chaga intiladi. Ja bo`lmasa, boylab qo`yamiz... Boshqa chora yo`q...

Shu suhbatdan so`ng tushga yaqin mashinaga o`tqizib ammamni uyga olib kelishdi. Ochig`i, o`shandagi ammamning chehrasi ko`z o`ngimda qolib ketgan. Baqraygan ko`zlari, rangsiz yuzi, to`zigan sochlari...

Juda qo`rqinchli edi. Mehribon va ma`suma ammamdan asar ham qolmagandi. 

—  Joyimga boraman! — mashinadan chiqa solib, ko`chaga qarab yugurdi ammam.

Otam va amakim zo`rg`a ushlab qolishdi. Uyga olib kirib, ustidan qulflab qo`yishdi. 

—  Oching! Oching, joyimga borishim kerak! — tinmay baqirardi ammam.

—  Yaxshi bo`lib qolgandi-ku, — biz kabi onam ham qo`rqib ketdi. 

—  Ha, tuppa-tuzuk bo`lib qolgandi. Birdan yana o`zgaribdi... — otam horg`in va ancha cho`kib qolgandi. — Nima qilish kerak, hayronman... Kechdan buyon tuz totmagan. Biror nimang bo`lsa, ber. Edirib chiqaylik...

Onam darhol ovqat suzib keltirdi. Amakim va otam taomni olib, ammam o`tirgan uyga kirib ketishdi. 

—  Bir qoshiq ham ichmay turib, o`zini eshikka urdi. Ovqat ham to`kildi. Kiyimi ham ravso bo`ldi. Ko`ylagingizdan berarkansiz. Kirib almashtirib ham qo`yasiz-da, — dedi amakim bo`sh kosani ko`tarib chiqib. 

Onam o`zining ko`ylagidan olib kirib ketdi. Otam chiqqach, onam ammamga shirin gapirib ovqat to`kilgan kiyimini almashtirishga kirishdi. Otam va amakim esa eshik yonida g`amga botib o`tirardi. O`n daqiqa o`tdi, yigirma daqiqa o`tdi, onam chiqmadi. Oxiri otam eshikdan ichkariga mo`raladi:

—  Nima qilyapsizlar?

Ammam o`tirgan xonaga kirgan amakim va otam hayratdan dong qotishdi. Men hayron edim. Sababi, boyagi qo`rqinchli ammamdan asar ham qolmagan, avvalgidek beozor va shirinsuxan ammam jilmayib o`tirardi. Meni ko`rishi bilan quchoq ochdi:

—  Kel asalim, sog`indim seni...

Men o`zimni ammamning quchog`iga otdim. 

—  Tuzukmisan? — otam xavotir bilan so`radi. 

—  Hushdan ketdimmi, aka? Ko`zimni ochsam, yangam oldimda ekan, — ammam o`zining ahvolidan bexabar ekanligini ma`lum bo`ldi. 

—  Ha, ovqat beraman, deb kiyimingni ham rasvo qildik... — gap topa olmay erga qaradi otam.

—  Onamning ko`ylagi. Shu ko`ylagini kiysam, og`irlashyapman o`zi. Endi kiymayman. O`tgan safar kiyganimda ham sizlar uyga borgan ekansizlar. O`shanda ham hushdan ketganmidim?  — otamga qaradi ammam.

O`sha-o`sha ammam o`zi aytganidek, buvimni ko`ylagini boshqa kiymadi. Qaytib qo`rqinchli tusga kirmadi ham.  Aytishlaricha, o`shanda chindan ham buvimning ko`ylagi ammamni qabr tomonga etaklagan, shuning uchun “Joyimga boraman”, deb ko`chaga intilgan ekan. Shundan so`ng buvimning ko`ylagini qabristonga olib borib, yoqib yuborishdi. Ammam va ko`ylak bilan bog`liq voqea esa hamon sir. Oddiygina ko`ylakning qanday qilib ammamni jinni bo`lar holga solganini hech kim izohlab bera olmaydi. Ammam esa bu voqeani kulib “Jinko`ylak kiygan paytlarimda”, deb eslaydi...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1