1

Yosh o`zbek kinoijodkorlari xalqaro kinoforumida eng ko`p mukofotni qo`lga kiritishdi

Madaniyat 02.06.2023, 23:27
Yosh o`zbek kinoijodkorlari xalqaro kinoforumida eng ko`p mukofotni qo`lga kiritishdi

Kuni kecha  Rossiyada “ZOLOTOY  VITYaZ”  XXXII Xalqaro kinoforumi yakunlari sarhisob qilindi. Unda Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Eron, Avstraliya, Ispaniya, Kanada, Turkiya, Ukraina, Fransiya, Argentina va boshqa 20 ta xorijiy mamlakatlardan 165 ta kartinalar ishtirok etdi.

Yosh o`zbek kinoijodkorlarining filmlari mukofotlar soni bo`yicha birinchi o`rinni egalladi. Jumladan, kinorejissyor Furqat Usmonovning “Inson” hujjatli filmi, Umid Iskandarovning "Sarobga yo`l" badiiy filmi va Munisa Magametning "Skotch" qisqa metrajli filmlari hakamlar hay`atining maxsus mukofotlariga sazovor bo`ldi. Shuningdek, "Skotch" filmi eng yaxshi debyut film sifatida bronza diplomiga ham sazovor bo`ldi.

Eslatib o`tamiz, Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan, kinorejissyor Furqat Usmonovning “Inson” hujjatli filmi monolog janrida ishlangan film bo`lib, yurtimizda inson qadriga berilayotgan e`tiborni oramizdagi oddiy odamlarning taqdiri orqali tasvirlangan. Ushbu film 2022 yil noyabr oyida Turkiyada bo`lib o`tgan “Qo`rqut ota “ xalqaro kinofestivalida hujjatli kino yo`nalishida oliy mukofot – GRAN-PRIni qo`lga kiritgan edi.

Munisa Magametning "Skotch" qisqa metrajli filmi esa Qozog`istonda bo`lib o`tgan “Tomiris” IY xalqaro kinofestivalida GRAN-PRIni qo`lga kiritgan.

"Sarobga yo`l" badiiy filmi taniqli aktyor Umid Iskandarovning ilk rejissyorlik ishi bo`lib, ushbu filmning nufuzli kinoforumda mukofotlanishi esa tahsinga loyiqdir.

Erishilgan yutuqlar haqida Agentlik direktori Firdavs Abduxoliqov shunday deydi: “ - Bu kabi mukofotlar va e`tiroflarning ko`payishi, avvalambor, muhtaram Prezidentimizning kinematografiya sohasiga, xususan, kinoijodkorlarga berayotgan e`tibori, yaratayotgan sharoitlarining samarasi. Yosh kinoijodkorlarimizning xalqaro maydonda tanilib borayotganligi Yangi O`zbekistonning yangi kino avlodi ijobiy ma`noda shakllanayotganligidan dalolatdir.”

Rossiyalik mashhur rejissyor, hakamlar hayati raisi Andrey Konchalovskiy esa “-Bu ko`rsatkich o`zbek kinosining yangi to`lqini ekanligi ayni haqiqat”, - deya ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1