AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi 26 ta bankdan qariyb 4 mlrd so`m jarima undirildi

'O`zbekistondagi 26 ta bankdan qariyb 4 mlrd so`m jarima undirildi'ning rasmi

2022 yilda tijorat banklarida 19 ta va mikromoliya tashkilotlarida 9 ta tematik inspeksiyalar o`tkazildi. Bu haqda Senatning 41-yalpi majlisida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma`lum qildi.

Tekshiruvlar davomida qariyb 39 mingta mijozning jami 37 trln so`mlik kreditlari yoki ushbu banklar jami kredit portfelining 58 foizi qamrab olingan.

Ta`kidlanishicha, kapital va likvidlilik me`yorlari to`g`risidagi ma`lumotlarni haqqoniy aks ettirmagan banklarga nisbatan tegishli choralar ko`rilib, qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzgan banklarga nisbatan ayrim operasiyalarini to`xtatish, jarima sanksiyalari va boshqa ta`sirchan choralar qo`llanilgan.

Jumladan, bank qonunchiligi talablarini buzganligi uchun 26 ta bankka nisbatan 56 ta holat bo`yicha jami 3,8 mlrd so`m miqdorida jarimalar undirilgan.

"Bank qonunchiligida belgilangan talablarni bajarmaganligi uchun "HI-TECH-BANK" va "Turkiston" xususiy AT banklarining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziyalari chaqirib olindi va bank omonatchilarining mablag`larini to`liq to`lab berilishi ta`minlandi.

"Turkiston" xususiy aksiyadorlik tijorat banki omonatchilari mablag`larini 251 mlrd so`mi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamg`armasi hisobidan qoplab berildi",-deydi Markaziy bank raisi.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekistondagi 6 ta davlat banki (O`zmilliybank, O`zsanoatqurilishbank, Asaka bank, Agrobank, Ipotekabank va Xalq banki) tizimli ahamiyatga molik bank deb topilgan.

    Boshqa yangiliklar