Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida YPX mashinasidan qochgan Orlando boshqa mashinaga urilib, ag`darilib ketgani aks etgan videolar tarqaldi
Toshkent shahar YHXB matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, 4 iyun kuni soat 02:05 larda Mirzo Ulug`bek tumani Mirzo Ulug`bek—Mustaqillik shohko`chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori tomonidan haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lmagan K.U. (2005 yilda tug`ilgan) boshqaruvida bo`lgan Orlando hushtak va jezl yordamida to`xtatilganida, to`xtash ishorasiga bo`ysunmasdan harakatni davom ettirgan. Haydovchining xatti-harakati xodimlarda shubha uyg`otgani sababli orqasidan xizmat avtomashinasida kuzatib borilgan.
YPX inspektori haydovchini zararsizlantirish maqsadida, holat bo`yicha aloqa vositasi orqali keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektoriga xabar bergan. YPX inspektori avtomashinalarni harakatini cheklash maqsadida harakatni yopib turgan vaqtida, Orlando haydovchisi Lacetti to`xtab turganida, qasddan oraliq masofani saqlamasdan orqa qismiga borib urilgan. Chorrahadagi YPX inspektoriga xavf tug`dirib qonuniy to`xtash ishorasiga ham bo`ysunmasdan, YTH sodir bo`lgan voqea joyidan qochib ketib, harakatni davom etirgan.
Orlando haydovchisi harakat davomida YPX inspektorlariga bo`ysunmasdan, svetoforning taqiqlovchi ishoralariga amal qilmasdan harakatlangan va bir necha marta xodimlarning qonuniy to`xtash ishorasiga bo`ysunmagan va avariyaviy xavfli holat qilib o`z yo`nalishida harakatlanib kelayotgan Lacetti xizmat avtomashinasi yo`nalishiga xalaqit berib to`qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda YPX mashinasiga jiddiy zarar etgani, Orlando ag`darilib ketganini ko`rish mumkin.
Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas`ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






