Avvalroq Qashqadaryoda ota o`z qizini ayovsiz kaltaklagani haqida xabar bergan edik.
Shundan so`ng sodir bo`lgan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgandi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Koson tuman sudida R.T. (1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, ishsiz, muqaddam sudlangan) ga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e`lon qilindi.
Aniqlanishicha, R.T. oxirgi bir yil davomida muttasil ravishda o`zining 2009 yilda tug`ilgan voyaga etmagan qizini har xil so`zlar bilan haqoratlab, urib-do`pposlab, qiynab kelgan.
Sud hukmiga muvofiq R.T. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ushbu hukmdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish mumkinligi ma`lum qilinadi.






