Andijon viloyati Qorasuv shahrida Matiz haydovchisi Equinox’ga tesha bilan hujum qildi. Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 14 may kuni soat 18:20 da fuqaro M.M. o`zining boshqaruvidagi Matiz’da otasi bilan Qorasuv shahar hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida ariza muallifi O.A. o`zining boshqaruvida bo`lgan Equinox’da ularning harakatlanishiga to`sqinlik qilib, M.M.ning otasiga noo`rin xatti-harakat qilgan.
Shu sababli M.M. otasini uyiga tashlab, O.A.ning ortidan borib, otasiga nisbatan bo`lgan hurmatsizlik yuzasidan o`zaro gap tortishgan va videoda aks etgan holatlarni sodir qilgan.
Mazkur holat yuzasidan o`tkazilgan tekshiruvlar davrida murojaatchi O.A.ning avtomashinasiga 7 016 542 so`m miqdorda zarar keltirilgani, biroq ushbu holatda biror-bir shaxsga nisbatan tan jarohatlar etkazilmagani aniqlangan.
Holat bo`yicha o`tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari yakuniga ko`ra, M.M.ga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish), 61-2-moddasi 1-qismi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar etkazish), 135-moddasida (yo`l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo`lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) ko`rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgani bois to`plangan hujjatlar ma`muriy tartibda chora ko`rish uchun jinoyat ishlari bo`yicha Xonobod shahar sudiga yuborilgan.






