AsosiyJamiyat

Navoiylik ayol 5 yil oldin diniy ma`ruzaga "like” bosgani uchun 3 yilga ozodikdan cheklandi

'Navoiylik ayol 5 yil oldin diniy ma`ruzaga "like” bosgani uchun 3 yilga ozodikdan cheklandi'ning rasmi

Joriy yil 31 may kuni JIB Nurota tuman sudida Xatirchi tumanida yashovchi 57 yoshli ayolga sud hukmi e`lon qilindi (hukm Oliy sudning onlayn platformasiga joylangan). Ma`lum bo`lishicha, sudlanuvchi ayol 2015-2019 yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida qariyalarga qarovchi bo`lib ishlagan.

2018 yilda “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog`ida profil ochgan hamda o`zbekzabon shaxsning “benamozlik” haqidagi 5 daqiqalik videoma`ruzasiga “layk” belgisini bosgan.

Ayol uyiga qaytganidan 4 yil vaqt o`tib, 2023 yil 15 fevral kuni IIB xodimlari uni Xatirchi tumani IIBga qarashli milisiya tayanch punktiga chaqirgan. Sud hujjatlarida ayolning mobil qurilmasi va ijtimoiy tarmoqlardagi profili “tegishli sanksiya orqali” ko`zdan kechirilgani yozilgan. IIB xodimlari ayolning “Odnoklassniki” profilini ham tekshirgan va yuqoridagi videoga layk bosganini topishgan.

Tergov organi ayol mazkur postga “klass” munosabat belgisini bosib, Internet jahon axborot tarmog`ida o`zining 130 nafar virtual do`stlariga tarqatgan, deya kvalifikasiya qilgan.

Ayolning “Motorolla” rusumli qo`l telefoni 2023 yil 15 fevral kuni ashyoviy dalil tariqasida olingan hamda Din ishlari bo`yicha qo`mitaning ekspertiza xulosasiga asosan ushbu ma`ruza diniy aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgani, shuningdek uni O`zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani aniqlangan.

Sud hujjatlarida ma`lum bo`lishicha, ayblanuvchi ushbu harakatni eslay olmagan. Yana bir muhim jihat – ayol ushbu “klass”ni O`zbekiston hududida emas, balki Turkiyada (Istanbul shahri) migrant sifatida ishlab yurganida bosgan.

Ayol sudda o`zi “layk” bosgan postlari virtual do`stlariga tarqalishini bilmaganligi, qachon va nima sababdan bosganligini ham eslay olmasligini hamda ishidan pushaymonligini aytgan.

Bundan tashqari, 57 yoshli nafaqaxo`r ayol sog`lig`i yaxshi emasligi, koviddan so`ng oyoqlarida suyak emirilishi xastaligi paydo bo`lganligi, hassaga suyanib qolganligi, qaramog`ida 3 nafar farzandi borligini aytib, suddan engillik so`ragan.
Sudda 2 nafar guvoh ayolning profilida yuqoridagi ma`ruzaga “klass” bosilganini tasdiqlagan.

Ayblanuvchining o`g`li onasi bilan "Odnaklasniki" orqali gaplashib turganini, lekin bunday ma`ruzaga "klass" bosilganidan bexabar ekanini aytgan hamda onasi uchun suddan engillik so`ragan.

Dastlabki tergov organi ayolni JKning 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan diniy aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni tarqatish maqsadida saqlash va Internet jahon axborot tarmog`idan foydalangan holda tarqatishda ayblaydi.

Sud engillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, ayblanuvchini “jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkinligi” haqidagi xulosaga kelgan hamda 244-1-modda sanksiyasida nazarda tutilmagan boshqa engilroq turdagi jazo – 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Sud hukmiga ko`ra, ayol yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan hamda ushbu davr davomida:
- ommaviy va boshqa tadbirlar o`tkazishda ishtirok etmaslik;
- uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o`zgartirmaslik;
- Navoiy viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;
- Internetdan foydalanmaslik kabi qo`shimcha taqiqlarni yuklagan.

Ayolning ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini bloklash yuzasidan chiqarilgan hukm ijro uchun DXX Navoiy viloyati boshqarmasiga yuborilgan.

Ma`lumot uchun, amaldagi Jinoyat kodeksi 11-moddasiga ko`ra, O`zbekiston hududida jinoyat sodir etgan shaxs ushbu Kodeks bo`yicha javobgarlikka tortiladi.

Qilmish qachonki O`zbekiston hududidan tashqarida sodir etilib, jinoiy oqibati esa O`zbekiston hududida yuz bergan bo`lsa, u O`zbekistonda sodir etilgan, deb topiladi. Lekin ish materiallarida ushbu ayolning harakatlari (Turkiyada “like” bosishi) O`zbekistonda qanday oqibat keltirib chiqargani tergov yo`li bilan tekshirilmaganini ko`rish mumkin.

    Boshqa yangiliklar