1

Oshqozon kichraytirish amaliyoti qachon tavsiya etiladi?

Salomatlik 11.06.2023, 11:31
Oshqozon kichraytirish amaliyoti qachon tavsiya etiladi?

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, keyingi bir necha o`n yillikda kam harakatlik va noto`g`ri ovqatlanish sababli ortiqcha vazn va semizlik butun dunyoda jiddiy muammoga aylangan.

JSST ma`lumotlariga ko`ra, 2030 yilga borib, Er yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Eng yomoni, bu kasallik nafaqat kattalar, balki yoshlar orasida ham keng tarqalmoqda.

Shu bois so`nggi vaqtlarda oshqozon qisqartirish amaliyoti orqali semizlikdan qutilish tobora ommalashib boryapti.

Xo`sh, ushbu jarrohlik operasiyasi qanchalik xavfsiz? U qanday hollarda tavsiya etiladi?

Shu kabi savollarga akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o`rinbosari Shuhrat Hoshimov javob berdi.

— Cemizlikka chalingan bemorlarning ko`pchiligi bugun parhez tutish, sport bilan shug`ullanish kabi tabiiy ozish usullaridan ko`ra, tezroq natijaga erishish va muammodan qisqa muddatda xalos bo`lishni ma`qul ko`rmoqda, — deydi mutaxassis. 

— Qolaversa, aksariyat odamlar ortiqcha vaznga qarshi uzoq vaqt kurashgan, biroq foydasi bo`lmagan. Shu bois ular operasiya yo`li bilan ozishga rozi. 

Albatta, jahon tibbiyoti uchun bariatriya, ya`ni oshqozon, ichak yoki ikkalasini birga xirurgik o`zgartirish amaliyoti yangilik emas. Yurtimizda ham bunday operasiyalarni o`tkazuvchi mutaxassislar paydo bo`lgach, ko`pchilik bemorlarda mazkur muolaja orqali semizlikdan xalos bo`lish istagi paydo bo`ldi.
 

 

— Oshqozonning kattaligi semizlikka asosiy sababmi?



— Yo`q, albatta. Ortiqcha vaznning yuzaga kelishiga bir necha omillar sabab bo`ladi. Ya`ni kamharakatlik, turli zararli odatlar, qandli diabet, depressiya, stress, psixonevrologik o`zgarishlar oqibatida ko`pincha insonda semirish kuzatiladi. 

 Shuningdek, gormonal o`zgarishlar va gormon dorilarni qabul qilish ham bunga sabab bo`lishi mumkin.


— Me`dani kichraytirish amaliyoti qanday hollarda tavsiya etiladi?
 

 — Tibbiyotda semizlik turli darajalarga bo`linadi. Tana vazni indeksi 30 dan 35 gacha bo`lsa, birinchi, 35-40 gacha ikkinchi, 40 dan tepasi uchinchi darajali hisoblanadi. 40 dan yuqori bo`lganda 16-60 yosh oralig`idagi bemorlarga jarrohlik yo`li bilan ozish tavsiya qilinadi.

Shuningdek, tana indeksi 35 dan yuqori va qandli diabet, gipertoniya, osteoxondroz, qonda lipidlar miqdorining balandligi, yurak ishemik hamda artroz kabi yondosh xastaliklar bo`lganda ham mazkur amaliyotni o`tkazish mumkin.

Bundan tashqari, ozishga tabiiy choralar foyda bermaganda ham bu muolaja usuliga murojaat qilinadi. Bariatrik jarrohlikdan so`ng bemorlar sezilarli va tez vazn yo`qotadi.



Sog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1