AsosiyJamiyat

Surxondaryoda 8 tup daraxtni kesganlar tabiatga 550 mln so`m zarar keltirdi

'Surxondaryoda 8 tup daraxtni kesganlar tabiatga 550 mln so`m zarar keltirdi'ning rasmi

Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 8 tup daraxtni noqonuniy kesib sotganlar tabiatga 550 million so`mdan ortiq zarar keltirdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi xabar qildi.

Boshqarma inspektorlari tomonidan ekologik huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida navbatdagi ekologik reyd tadbirlari davomida Oltinsoy tumani “Yakkatut” mahallasida joylashgan “O`tkir Tosh Jilosi” fermer xo`jaligi er maydoni ko`zdan kechirilgan. O`rganish jarayonida, ushbu fermer xo`jaligi rahbari O`.T. fuqaro A.M. vositachiligida fermer xo`jaligi er maydonida o`sib turgan ko`p yillik 8 tup eldor qarag`ayi daraxtini tumanning “Mirshodi” mahallasida yashovchi fuqaro A.S.ga 5 million so`mga baholab sotgani aniqlangan.

Fuqarolarning o`zaro kelishuviga asosan, A.S. o`suvchanligini yo`qotmagan ko`p yillik noyob daraxt turlariga kiruvchi 8 tup eldor qarag`ay daraxtlarini tag qismi bilan kesib olgan.  Ular bu harakati bilan “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunning 37-moddasining talabini buzgan. To`plangan hujjatlar asosida hisob-kitob qilinganda, tabiatga jami 551 million 100 ming so`m zarar etkazilgan.

 

Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

    Boshqa yangiliklar