Sog`liqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga ko`ra, joriy yil 1 iyuldan 1 avgustgacha yurtimizda “O`qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi” aksiyasi o`tkaziladi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda .
Bu davrda mamlakatimizdagi ta`lim sohasi xodimlari — maktab o`qituvchilari va bog`cha tarbiyachilari profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko`riklar hamda skriningdan o`tkaziladi.
Ta`kidlash lozimki, ayni damda 10 118 ta umumta`lim maktabida 6,3 mln. nafardan ziyod o`quvchiga qariyb 510 ming nafar o`qituvchi ta`lim beradi.
Shuningdek, 29 420 ta maktabgacha ta`lim tashkiloti bo`lib, ularda 2,1 mln. nafar bola tarbiyalanadi.
Aksiya davomida tibbiy tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo`yicha davlat ko`magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko`riladi.
Buning uchun dastlab ta`lim sohasi xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent ro`yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.
Shundan so`ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o`tkaziladi.
Tibbiy ko`riklar yakunida:
- hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog`lomlashtiriladi;
- o`tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo`g`indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, stasionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;
- yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo`llanmalar taqdim etiladi.
" O`z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko`riklar o`tkaziladi" deyiladi xabarda.
12.06.2023 11:33
Maktab o`qituvchilari, bog`cha tarbiyachilari bepul sog`lomlashtiriladi — SSV






