O`zbekiston Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullaev bosh qarorgohi Venada joylashgan Migrasiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) bosh direktori va Avstriyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Mixael Shpindelegger bilan uchrashuv o`tkazdi. Uchrashuvda O`zbekiston mehnat bozoridagi salohiyatli ishchi kuchini Evropa mamlakatlarida ish bilan ta`minlash, xorijiy davlatlarga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Dunyo AA xabar bermoqda.
Suhbat avvalida xorij tomoniga O`zbekistonda so`nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, tashqi mehnat migrasiyasini rivojlantirish va uni diversifikasiya qilish bo`yicha olib borilayotgan davlat siyosati, mazkur yo`nalishda fuqarolar uchun yaratilayotgan imtiyozlar to`g`risida ma`lumot berildi.
Shuningdek, muzokaralar davomida ICMPD va O`zbekiston vakolatli idoralari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida migrantlar uchun axborot markazi (Migrant Resourse Centre) ochishga kelishib olindi. Ushbu markazning vazifasi Evropa mamlakatlarida ishlash istagida bo`lgan O`zbekiston fuqarolarini tegishli axborot bilan ta`minlash, jumladan, mamlakatlar milliy qonunchiligi, madaniyati va ishga joylashish tartib-qoidalari bilan tanishtirish, ularga tegishli konsultasiya xizmatini ko`rsatishdan iborat bo`ladi.
12.06.2023 17:01
O`zbekistonda migrantlar uchun axborot markazi ochiladi






