O`zbekiston Musulmon idorasi Haj safariga ketayotgan ayollarga bir qancha tavsiyalar bilan chiqdi.
Haj amali o`zining ehtiyoji va qaramog`idagilarning nafaqasidan tashqari ortiqcha – Baytullohga borib kelishga etarli mablag`i bor har bir aqli raso, bolig` (balog`atga etgan), ozod, sog`lom musulmonga (ayollar iddada bo`lmasligi va ularga mahram-yo`ldosh ham bo`lishi lozim) yo`llar xatarsiz bo`lsa, haj ibodatini keyingi yilga qoldirmay, ado etish farzdir. Bunday sharoitlarda kechiktirsa, gunohkor bo`ladi. Haj ibodati umrda bir marta ado etiladigan farz amaldir.
Haj ulug` ruhiy ozuqa beradigan ibodat bo`lib, unda musulmon bandaning vujudi Alloh taologa taqvo bilan, Unga toat qilishga azmu qaror bilan, gunohlariga nadomat bilan to`ladi. Bu safarda musulmon kishining Allohga, Uning Rasuliga va mo`min-musulmonlarga bo`lgan muhabbati ziyoda bo`ladi. Dunyoning hamma taraflaridagi din qardoshlariga nisbatan do`stlik tuyg`ulari uyg`onib, mustahkamlanadi.
Har bir ziyoratchi haj ulug` ruhiy va ma`naviy ozuqa beradigan ibodat ekanligini tushunib etishi lozim. Haj safariga ketayotgan kishilar Alloh taoloning mehmonlari hisoblangani bois, ular hajning har bir odobiga qat`iy rioya etishlari kerak.
HAJ SAFARIGA KETAYoTGAN AYoLLAR NIMALARGA E`TIBOR QARATIShLARI ZARUR?
Safarga ketishdan oldin:
1.Haj ibodatiga ketayotgan ayol avvalo niyatini xolis Alloh uchun qilishi kerak.
2.Hajga doir adabiyotlar bilan tanishib chiqishi, soha mutaxassislaridan aynan ayollarga xos masalalar bo`yicha ma`lumotlar olishi kerak. Tahorat, g`usl, tayammum, hayz va nifosga doir masalalarni o`rganib borish zarur.
3.Doimo esda saqlash zarur: hayz ko`rgan yoki tahoratsiz ayol masjidga kirishi, Qur`on o`qishi, tavof qilishi aslo mumkin emas!
4.Haj safariga ketayotgan ayollarga nima narsalar olishi kerakligi 1- ilovada keltiriladi.
5. Ziyoratchi qarzlari bo`lsa, qarzlarini to`lab, ota-onasi yoki keksalardan duo olib ketishi xayrli amallardan hisoblanadi.
6. Safarga ketishdan oldin g`usl qilishi yoki mukammal tahorat qilib, 2 rakat namoz o`qib, aeroportga yo`lga chiqiladi.