Andijon shahrida yashovchi, 1997 y.t. shaxs 2017 yilning iyun oyida ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, savdo do`konida sotuvchilik bilan shug`ullanadi.
Oradan bir yil o`tib, uning oldiga akasi borgach, ular birga ishlay boshlashadi.
Lekin, diniy mutaassiblikka berilgan, 1995 y.t. aka o`z ukasini to`g`ri yo`ldan adashtirib, unga terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g`oyaviy rahnamolari bo`lgan Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriylarning ma`ruzalarini targ`ib qiladi hamda Suriya davlatiga borib, jihod qilish lozimligini aytadi.
2018 yilning kuz oylarida aka-ukalarning kattasi, keyinroq esa kichigi Suriya davlatidagi terroristik tashkilot safiga borib qo`shilishadi.
Lekin, qurolli to`qnashuvlar vaqtida ularning kattasi ayanchli o`lim topadi.
Bu vaqtda endigina jangovor tayyorgarlikdan o`tib bo`lgan uka o`z akasining jasadini topib qabrga qo`yadi.
Shuningdek, o`sha paytlari terroristik tashkilotlar o`rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, amir bo`lish uchun etakchilarning o`zaro nizolarga kirishishlarini ko`rib, xafsalasi pir bo`lgan andijonlik yigit onasi yuborgan pullar yordamida Turkiyaga qaytib o`tadi.
Keyinroq bir muddat Qirg`izistonda bo`lib, so`ngra Qozog`istonga borgan va ushbu davlatning soxta fuqarolik pasportini olgan mazkur shaxs hujjatni qalbakilashtirgani uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortiladi.
U jazo muddatini o`tab bo`lgach, O`zbekistonga deportasiya qilinadi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon shahar sudining hukmiga ko`ra, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan ushbu fuqaro Jinoyat Kodeksining 155 prim 2 va 244 prim 2-moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Yot kuchlarning ta`siriga tushish oqibatida bir oilaning navqiron ikki farzandining achchiq qismatga duchor bo`lishi – birining ayanchli o`lim topishi, ikkinchisining uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi boshqalarga saboq bo`lmog`i lozim.






