Farg`onada “Open budget” uchun 4 mingta ovoz yig`ib berishini aytib, 37 million so`m pulni o`zlashtirgan 18 yoshli talaba ushlandi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, noma`lum shaxs Telegram messenjeri orqali Farg`ona viloyati Quva tumanida yashovchi 26 yoshli X.O. bilan bog`langan hamda unga tashabbusli byudjet loyihasida 4 mingta ovoz yig`ib berishni taklif qilgan. Talaba shu tariqa, X.O.ni aldab, bank kartasidan 37 million so`m pulni echib olgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati, Termiz tumanida yashovchi 18 yoshli Ch.S. sodir etgani aniqlangan. U buning uchun X.O.ning bank kartasi raqami va uning maxfiy parolini qo`lga kiritgan.
Holat yuzasidan Ch.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani xabar qilingan. Qonunga muvofiq, mazkur turdagi jinoiy harakat 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish uchun asos bo`lishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, avvalroq universitet talabasi surxondaryolik fuqaroning kartasidan 75 million so`mdan ortiq pulni o`g`irlagan edi.






