AsosiyJamiyat

Transport vaziri O`zbekiston basketbol federasiyasiga rais bo`ldi

'Transport vaziri O`zbekiston basketbol federasiyasiga rais bo`ldi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasida O`zbekiston basketbol federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda federasiyaga yangi rais saylash kun tartibidagi asosiy masala bo`ldi.  

Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo`mita raisining o`rinbosari Sherzod Tashmatov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Federasiya mutasaddilari va uning hududiy vakillari, sport faxriylari ishtirok etishdi.

Konferensiyani Adham Ikramov kirish so`zi bilan ochib berdi. Vazir basketbolning nafaqat professional, balki ommaviy sportda ham tutgan o`rni xususida to`xtaldi. Ushbu sport turi bilan shug`ullanish uchun imkoniyatlar ko`pligi, har bir ta`lim dargohlari va mahallalarda sport maydonlarining mavjudligi, “5 tashabbus olimpiadasi” musobaqasiga stritbol yo`nalishining kiritilgani uning ommaviyligini oshirishda yordam berishini qo`shimcha qildi.

Dastavval, boshqa ishga o`tgani sababli O`zbekiston basketbol federasiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Ruslanbek Davletov o`z xohishiga ko`ra yozgan arizasi ko`rib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi.

Shundan so`ng yig`ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o`tildi. Unda Transport vaziri Ilhom Maxkamovning nomzodi O`zbekiston basketbol federasiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari  tomonidan bir ovozdan ma`qullandi. Shu tariqa Ilhom Maxkamov O`zbekiston basketbol federasiyasi raisi etib saylandi.

Ma`lumot uchun, Ilhom Maxkamov 1979-yil Toshkent shahrida tug`ilgan. Uzoq yillardan beri kommunal sohada, xususan, “O`zkommunxizmat” agentligining bosh direktori, Vazirlar Mahkamasi Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri ishlagan. 2021-yildan O`zbekiston Respublikasi Transport vaziri lavozimida faoliyat yurityapti.

Oybek Kasimov va tadbirda so`z olgan boshqa ishtirokchilar federasiyaning yangi rahbariga mamlakatimizda basketbol sporti rivojini yangi darajaga olib chiqish, terma jamoalarimizni nafaqat yurtimiz, balki jahonda etakchilar qatoriga qo`shish yo`lidagi ishlarida kuch-g`ayrat tilashdi.

O`z o`rnida, Ilhom Maxkamov bildirilgan ishonchni oqlashga, basketbol sportini mamlakatimizda yana-da ommalashtirish, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga va`da berdi. Shuningdek, kelgusida terma jamoalarning xalqaro maydondagi ishtirokini ko`paytirish, o`quv-mashg`ulot yig`inlarini tashkil etilishini ma`lum qildi.

Tadbir davomida ayni paytdagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish masalalari ko`rib chiqilib, dastlabki rejalar kelishib olindi. Shuning bilan, O`zbekiston basketbol federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`z ishini yakunladi.

    Boshqa yangiliklar