AsosiyJamiyat

“Anhor – Lokomotiv” bog`idagi attraksiondan yiqilgan fuqarolarning ahvoli ma`lum qilindi

'“Anhor – Lokomotiv” bog`idagi attraksiondan yiqilgan fuqarolarning ahvoli ma`lum qilindi'ning rasmi

Avvalroq, Shayxontohur tumanida joylashgan “Anhor – Lokomotiv” ko`ngilochar bog`ida 24 yoshli va 30 yoshli fuqarolar ushbu bog`da joylashgan “Melnisa” attraksionida uchish chog`ida xavfsizlik kamarlarini taqmaganliklari oqibatida attraksion harakatlanayotgan chog`ida tushib ketishgani haqida xabar bergan edik. 

SSV mazkur fuqarolarning ahvoli haqida ma`lumot berdi. 

7-8 metr balandlikdan tushib ketish oqibatida jarohat olgan 1999 yilda tug`ilgan bemor B.E.ga “Katatravma. Qo`shma shikastlanishlar. Bosh miya yopiq jarohati. O`rta darajadagi miya shikastlanishi. Bosh miya peshona qismi kontuzion o`choq. Chap elka suyagi katta bo`rtmachasining yopiq sinishi. Chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi. Chap elka bo`g`imi distorsiyasi. Chap yuqori qovoq, chap qo`ltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq to`qimalari,chap elka sohasi, chap ko`krak sohasi yumshoq to`qimalar shikastlanishi, teri osti qon quyilishi” tashxisi qo`yilib, tegishli davo muolajalari tayinlangan.

1993 yilda tug`ilgan bemor T.M.ga esa “Katatravma. Umurtqa yopiq shikastlanishi. Dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pog`onasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi. Umurtqaning bel qismi distorsiyasi. Bel sohasi yumshoq to`qimalarining shikastlanishi” tashxisi qo`yilgan.

Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo`limiga yotqizilgan bo`lib, ahvoli o`rta og`ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko`rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda.

Bosh prokuraturaning xabar qilishicha, tekshirish davomida attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganligini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar