AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida o`quvchi qiz rasmga tushayotganda daryoga tushib ketib vafot etdi (video)

'Toshkent viloyatida o`quvchi qiz rasmga tushayotganda daryoga tushib ketib vafot etdi (video)'ning rasmi

Joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida yuz bergan.

Ma`lum qilinishicha, Olmazor tumanidagi maktablarning birida 9-sinf o`quvchilari maktab o`qituvchisi bilan toqqa dam olgani chiqqan bo`lgan. Marhuma qiz rasmga tushish uchun tosh ustiga chiqqan va ehtiyotsizlik sabab suvga tushib, oqib ketgan. Bir necha daqiqalardan so`ng, uning jonsiz tanasi suvdan topilib, olib chiqilgan.

Onasining ta`kidlashicha, bir necha oy oldin qizi sinfdoshlari bilan Nanayga borayotganini aytgan.

"Aytganda, rosa jahlim chiqdi. Nima qilasan, maktab o`quvchilari toqqa borib dedim. Ota-onalar kengashi bilan gaplashsam, xotirjam bo`ling, oldida o`qituvchilari bor. Xohlasangiz o`zingiz ham boring, deb aytdi. Ko`nglim bo`lmay jo`natdim.

O`sha kuni menga begona raqamdan telefon bo`lib, qizingiz o`lib qolgan, deb ma`lumot berdilar. Ota-onalar "komiteti" bo`lsa, oyisi bilmay qoldim, ko`zimni oldida oqib ketdi, deyapti. Mendan qanaqadir narsani berkitishyapti. Maktab rahbariyati esa ota-onasi bilan chiqib, cho`kib ketgan, deb ma`lumot bergan. Men o`qituvchisiga ishonib bolamni topshirgandim, o`qituvchisi bo`lsa men yo`q edim, deb turibdi".

Maktab direktorining ma`lum qilishicha, toqqa sayohat o`quvchilarining ota-onalari tashabbusi bilan tashkil qilingan. Sayohatga sinfdan faqat 6 nafar o`quvchi chiqqan. Direktor o`quvchilar toqqa yakshanba kuni chiqqanligini, maktab imtihonlari bir necha kun oldin tugaganligini, o`qituvchi va o`quvchilarga ta`til berilganligini ta`kidlagan.

Hozirda holat yuzasidan Bo`stonliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jarayon viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

    Boshqa yangiliklar