Qasim-Jomart Toqaev Tanzila Narbaevani qutlar ekan, bugun Ostona shahrida bo`lib o`tgan muhim tashabbus – Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotida faol ishtirok etgani va uni qo`llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
Qozog`iston Respublikasi rahbari ushbu nufuzli tadbirning birinchi majlisi natijalari mintaqalararo hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishiga va Markaziy Osiyoda gender tenglik hamda barqaror taraqqiyotni ta`minlash sohasida uzoq muddatli echimlarni ishlab chiqishga imkon berishiga ishonch bildirdi.
Qozog`iston Prezidenti Q.Toqaev Oliy Majlis Senati Raisining tashrifi ikki tomonlama hamkorlikning o`ziga xos xususiyatiga yaqqol misol bo`lib, Qozog`iston va O`zbekiston o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga to`liq mos kelishini ta`kidladi.
– O`tgan yilning dekabr oyida O`zbekistonga davlat tashrifimiz natijalarini yuqori baholaymiz. Joriy yilning 3 mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv bo`lib o`tdi, unda mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Nafaqat hukumat darajasida o`zaro muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilayotgani, balki parlamentlararo diplomatiya ham faol rivojlanayotgani quvonarli. Shu bois, kelasi yili Samarqandda ikkinchi Parlamentlararo forum o`tkazilishini mamnuniyat bilan qabul qilaman, – deya ta`kidladi, Qasim-Jomart Toqaev.
O`z navbatida Tanzila Narbaeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning salomini etkazdi.
– Biz Sizning rahbarligingizda Qozog`istonda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni yuqori baholaymiz. Sizni Qozog`istonda butun tizimni siyosiy modernizasiya qilish imkonini bergan yirik tadbirlarning muvaffaqiyatli o`tkazilgani bilan tabriklayman. Qozog`iston ilg`or islohotlar yo`lidan ishonch bilan bormoqda va Qozog`iston xalqi Siz tutgan yo`lni faol qo`llab-quvvatlamoqda –deb ta`kidladi, Senat Raisi.
Yakunda Qozog`iston rahbari O`zbekiston rahbariga samimiy salomini aytib, ezgu tilaklarini bildirdi.






