Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Urgut tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1992 y.t. mahalliy fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi.
Natijada, xonadonda kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 437 gr. “geroin”moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Boshqa holatda esa Urgut tumanida yashovchi, 1981 va 1997 yillarda tug`ilgan ikki fuqaro qo`lga olinib, ulardan ham kelgusida sotilishi rejalashtirilgan 995 gr. “opiy” moddasi tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Uchinchi holatda esa Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 va 1997 yillarda tug`ilgan ikki fuqaro 581 gr. “opiy” moddasini 6 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidanbojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Surxondaryo–Toshkent yo`nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi “Sirdaryo” YPX maskanida to`xtatildi.
1992 va 1996 yillarda Surxondaryo viloyatida tug`ilgan 3 nafar fuqaro ketayotgan mazkur avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida bo`lgan qopdagi guruch ichida 1 kg. “gashish” moddasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Ta`kidlash lozimki, barcha holatlarda narkotik moddalar mamlakatimizga Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






