AsosiySiyosat

Yangilangan Konstitusiyada Prezidentlik saylovi bilan bog`liq qoida-talablar qanday?

'Yangilangan Konstitusiyada Prezidentlik saylovi bilan bog`liq qoida-talablar qanday?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g`oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Chunki, bu davlat rahbari – Prezidentni saylash bilan bog`liq o`ta mas`uliyatli jarayondir. Zero, mamlakatimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi davlat rahbari lavozimiga eng munosib nomzodni saylash hamda bu jarayonda saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog`liqdir. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish hamda uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o`tkazish bilan bog`liq masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov amaliyoti va xalqaro saylov me`yorlariga mos ravishda qabul qilingan saylov qonunchiligi asosida o`tkaziladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonunchilik hujjatlari tizimi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlaridan iborat.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy asoslari. Ma`lumki, 2023 yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotida, tom ma`nodagi ulkan tarixiy-siyosiy voqea bo`lib o`tdi. Birinchi marta umumxalq referendumida xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi asosida fuqarolarimiz tomonidan O`zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi  Konstitusiyasi qabul qilindi. Yangilangan O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida birinchidan, inson huquq, majburiyatlari va erkinliklarini ta`minlash va kafolatlash, ikkinchidan, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining institutlari faoliyati uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish va uchinchidan, samarali davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog`liq siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy tamoyil va mexanizmlar belgilandi.

Yangilangan Konstitusiyamizdagi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bog`liq qoida-talablar muhim ahamiyatga ega bo`lib, birinchidan, fuqarolarning siyosiy huquqlarini ta`minlash orqali mamlakat rahbari bevosita saylovchilar tomonidan saylanadi, ikkinchidan, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining tobora rivojlanishi asosida siyosiy partiyalarning davlat organlarini shakllantirishdagi faoliyatini kafolatlaydi, uchinchidan, saylov huquqi tamoyillari va muddatlari asosida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mustaqil saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilishi ta`minlanadi. 

Shuningdek, Konstitusiyamizning 10-moddasida O`zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkinligi, shuningdek, jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O`zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas deb belgilangan. Ushbu norma prezidentlik saylovining davlat taraqqiyoti, xalq farovonligini ta`minlash va inson huquqi hamda erkinliklarini kafolatlashdagi ahamiyati bilan bog`liqdir. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 36-moddasiga muvofiq, fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o`z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadir. Bunday ishtirok etish o`zini o`zi boshqarish, referendumlar o`tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Asosiy qonunimizning 74-moddasida siyosiy partiyalar turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o`zlarining demokratik yo`l bilan saylab qo`yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etishi bilan bog`liq normaning belgilanishi ularning saylov jarayonidagi konstitusiyaviy maqomini mustahkamlaydi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maqomi Konstitusiyaning 105-moddasida belgilangan bo`lib, unga ko`ra O`zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshlig`idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta`minlaydi. 

Bundan tashqari, mamlakatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlarini ta`minlashda O`zbekiston xalqi nomidan ish olib boruvchi mansabdor shaxs sifatida davlat rahbarligiga nomzodlar uchun tegishli talablar konstitusiya darajasida mustahkamlangan. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 106-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o`ttiz besh yoshdan kichik bo`lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O`zbekiston hududida muqim yashayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O`zbekiston Respublikasining Prezidenti bo`lishi mumkin emas. O`zbekiston Respublikasining Prezidenti O`zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan etti yil muddatga saylanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 22-bobi «Saylov tizimi»ga bag`ishlangan bo`lib, mamlakatimiz saylov tizimiga oid muhim tamoyil va normalarni belgilaydi. Xususan, Konstitusiyamizning 128-moddasida O`zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o`z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan. Ushbu moddada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli ekanligi belgilab o`tilgan. Bundan tashqari, ushbu moddada saylov huquqining muhim prinsiplari mustahkamlangan bo`lib, saylov jarayonlarini halqaro saylov standartlari asosida ochiq-oshkora va demokratik tarzda o`tkazishga imkon beradi. 

Shuningdek, Konstitusiyamizning 129-moddasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O`zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o`tkazish uchun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo`lgan O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi deb mustahkamlangan. 

Saylov huquqi prinsiplarining mazmun-mohiyatini quyidagicha izohlash mumkin:

Umumiy saylov huquqi. Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 2-moddasiga muvofiq har bir inson irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e`tiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qat`i nazar ushbu Deklarasiyada e`lon qilingan barcha huquq va barcha erkinlikka ega bo`lishi zarur deb belgilangan. Shuningdek, mazkur Deklarasiyasining 21-moddasida xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo`lishi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo`li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta`minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o`tkaziladigan saylovlarda o`z aksini topishi lozimligi ko`rsatib o`tilgan. 

Ushbu prinsipning mohiyati saylovlarning umumiyligini, ya`ni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylov kuni o`n sakkiz yoshga to`lgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egaligini, shuningdek, fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma`lumoti, mashg`ulotining turi va xususiyatidan qat`i nazar teng saylov huquqiga egaligini anglatadi.

Teng saylov huquqi. Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo`ladi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Venesiya komissiyasining Saylov masalalaridagi yaxshi amaliyot kodeksining 2.1 bandiga muvofiq “... har bir saylovchi prinsipial jihatdan bitta ovozga ega” ekanligi belgilangan. Mazkur prinsip saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo`lishini, ovozlar tengligini anglatadi. Ya`ni, ovozlarni sanashda bitta saylovchining ovozi boshqasi bilan tengligini, birorta ovoz boshqasidan ustun emasligini ifodalaydi. 

To`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi. Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining 21-moddasiga muvofiq “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar vositasi orqali o`z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega” ekanligi nazarda tutilgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolar tomonidan bevosita saylanadi. Bu prinsip saylovchining bevosita shaxsan o`zi, ya`ni biron-bir vakilsiz, to`g`ridan-to`g`ri o`zi ovoz berishini anglatadi. Bir kishining nomidan boshqasi ovoz berishi ushbu prinsipga zid hisoblanadi.

Yashirin ovoz berish huquqi. 1990 yil 29 iyunda qabul qilingan EXHTning insoniy o`lchovlari bo`yicha konferensiyasining Kopengagen yig`ilishi hujjatining 5.1. bandida “Yashirin ovoz berish yo`li bilan yoki unga tenglashtirilgan erkin ovoz berish tartibida, amalda saylovchilarning o`z vakillarini tanlashda o`z fikrini erkin ifoda etishini ta`minlaydigan sharoitlarda o`tkaziladigan erkin saylovlarni tashkil etish” nazarda tutilgan. Ushbu prinsip mazmuniga ko`ra, saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo`l qo`yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta`minlanadi.

O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi. Saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish jarayonlarida Saylov kodeksida belgilangan tamoyillar, qoida-talablar muhim ahamiyatga egadir. 

Kodeks loyihasini tayyorlash davomida birinchidan, milliy qonunchiligimiz va saylov amaliyoti tahlil etildi, ikkinchidan, 20 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning (Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Shvesiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus, Ozarbayjon va boshqalar) ilg`or tajribasi o`rganildi, uchinchidan, xalqaro tashkilotlarning saylovga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazish bilan bog`liq tavsiyalari inobatga olindi.

Saylov kodeksi turli saylovlarni o`tkazish bilan bog`liq 5 ta qonun va o`ndan ortiq me`yoriy hujjatlar asosida qabul qilingan, o`zida 30 dan ortiq yangi demokratik saylov qoida-talablarni mujassamlashtirgan yagona kodifikasiyalashgan huquqiy hujjatdir. O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan bo`lib, 18 bob va 103 ta moddadan iborat. Saylov kodeksiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlar, milliy saylov amaliyotiga zamonaviy halqaro saylov standartlarini joriy etish va saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqlarini yanada kafolatlash maqsadida so`ngi yillarda muhim qo`shimcha va o`zgartishlar kiritilgan. Xususan, Saylov kodeksiga kiritilgan so`ngi muhim qo`shimcha va o`zgartishlar 2023 yil 6 mayda “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”giO`zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy qonuni bilan kiritildi. 

Ushbu Konstitusiyaviy Qonun bilan har yilgi mahalliy byudjetlarning bo`shab qolgan deputatlik o`rinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik ko`rish hamda ularni o`tkazish bilan bog`liq xarajatlarini moliyalashtirish, og`ir yoki o`ta og`ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan fuqarolarning viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a`zoligiga tayinlanishini taqiqlash nazarda tutilga. Mazkur Konstitusiyaviy Qonun saylov tizimini takomillashtirishga, saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga, fuqarolar yig`inlari faoliyatining va referendumda ishtirok etishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Saylov kodeksda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o`ziga xos xususiyatlari bilan bog`liq masalalar alohida huquqiy tartibga solingan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining o`ziga xos xususiyatlari Saylov kodeksining 12-bobida belgilangan bo`lib, quyidagi normalardan iborat: O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodga qo`yiladigan talablar (61-modda); O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatish huquqi (62-modda); O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar (63-modda); O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatish tartibi (64-modda); O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish (65-modda).

Saylov kodeksining 66 -moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to`liq muvofiq holda ikki oy ichida o`tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko`rish hamda uni o`tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid tadbirlarni tashkil etish bo`yicha Markaziy saylov komissiyasi Muddatidan oldin O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha kalendar rejasini qabul qiladi va saylov jarayoniga oid tadbirlar va ularning muddatlari ushbu Kalendar rejada aks ettiriladi. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi “Muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini e`lon qilish va uni o`tkazish bo`yicha kalendar rejani tasdiqlash to`g`risida” gi 2023 yil 10 may№1247-son qarori bilan tasdiqlangan.

Shuningdek, shuni alohida ta`kidlash lozimki, siyosiy partiyalar O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko`rsatish huquqiga ega bo`lib, o`z siyosiy g`oyasi, dasturi va saylovoldi platformasi asosida saylov jarayonida kurash olib boradilar.

Markaziy saylov komissiyasiningqarorlari. Saylov qonunchiligi tizimida Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Saylov kodeksining 16-moddasiga asosan, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ochiq ovoz berish orqali, komissiya a`zolari umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Markaziy saylov komissiyasi o`z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar komissiya Raisi tomonidan imzolanadi. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari bilan saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga oid qoidalar, tashkiliy chora-tadbir va uslubiy ko`rsatmalardan iborat nizom, yo`riqnoma va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin. O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining qarorlari tasdiqlangan quyidagi nizomlar:

Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi 1065-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risidagi nizom;

Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi 1066-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to`g`risidagi nizom;

Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 sentyabrdagi 938-son qarori bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to`g`risidagi nizom;

Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 951-sonli qarori bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyalar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar to`g`risida nizom;

Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 5 oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom va boshqalar.

Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan e`tiboran kuchga kiradi va Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida o`sha kunning o`zida, shuningdek, zarur bo`lgan hollarda boshqa manbalarda e`lon qilinishi lozim. Markaziy saylov komissiyasining o`z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, muddatidan ilgari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq saylov qonunchiligi tizimi shakllangan bo`lib, birinchidan saylov qonunchiligi milliy saylov amaliyoti va halqaro saylov standartlari asosida takomillashib bormoqda, ikkinchidan, saylov kampaniyasini demokratik saylov tamoyillari asosida ochiq va oshkora o`tkazilishini kafolatlaydi.

Shuhrat Fayziev,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori, 
yuridik fanlari doktori

    Boshqa yangiliklar