Qashqadaryo televideniesi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Bu haqda viloyat prokurorining fuqaro murojaatiga javoban yo`llangan javob xatida ma`lum qilingan.
Viloyat prokurori imzolagan javob xatida yozilishicha, TB mansabdorlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi “v”, “g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) (mansab mavqeini suiiste`mol qilish yo`li bilan talon-toroj qilish) hamda 209-modda 1-qismi (mansab soxtakorligi) bilan ayblanmoqda.
“Murojaatingiz yuzasidan mutaxassislar ishtirokida o`tkazilgan qayta o`rganishda muassasada jami 81 million 500 ming so`m mualliflik haqi, ish haqi va boshqa to`lovlar noqonuniy to`lanib, byudjet mablag`lari talon-toroj qilinganligi aniqlandi”, — deyiladi Qashqadaryo prokurorining murojaatchi Inobat Abdullaevga yo`llagan javob xatida.
Inobat Abdullaevaning “Daryo”ga qo`shimcha qilishicha, prokuratura aniqlagan 81 million 500 ming so`m miqdoridagi gonorar televidenie bosh muharriri hamda bir nafar jurnalist uchun yozilgan noqonuniy gonorar miqdori hisoblanadi.
“Bu hali ikki kishiga yozilgan noqoununiy gonorar miqdori. Televidenieda ishlayotganlarga yozilayotgan noqonuniy gonorarlarni hisob-kitob qilsa, qancha miqdordagi byudjet puli noqonuniy to`langanini bilib olish mumkin. Prokuratura tekshiruv jarayonlarini davom ettirishidan, davlat pullari talon-toroj qilinayotganini fosh etishidan umidvorman”, — deydi jurnalist.
Jurnalistning aniqlik kiritishicha, Qashqadaryo TBga bir yilda gonorarlar uchun byudjetdan 2 milliard so`m mablag` ajratiladi.
“Bosh muharrir va direktorga yaqin inson bo`lsangiz, oddiy lavhangiz ham ko`rsatuv sifatida baholanib, katta miqdorda pul yoziladi. Aksi bo`lsa, yaxshi ko`rsatuv ham lavha sifatida baholanib, kam miqdorda gonorar chiqadi. Eng qizig`i bizda intervyu beruvchiga ham gonorar yoziladi, lekin hech qachon intervyu beruvchiga pul berilmaydi. Xo`sh, o`sha pul kimning cho`ntagiga ketadi deb o`ylaysiz? Isbot sifatida sizga Qashqadaryo televideniesi direktori imzolagan va tasdiqlagan gonorarlar jadvalini beraman, o`zingiz, ko`rib xulosa chiqarasiz”, — deydi Inobat Abdullaeva.






