Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Abidovning ma`lum qilishicha, Farg`ona viloyatida o`z ayolining qotiliga aylangan erkak 11 yilga qamaldi. Bu haqda Zamon infarmasion dasturida aytildi.
Ma`lum qilinishicha, marhumaning oilasidagi doimiy kelishmovchilik sabab u qizlik xonadonida yashab kelgan. Lekin o`sha erda ham eri tomonidan tinchlik berilmaganligi uchun Turkiya davlatiga ishlash uchun ketgan. Oradan ma`lum vaqt o`tib, O`zbekistonga qaytadi va eri bilan yashay boshlaydi.
Voqea sodir bo`lgan kun erkak Spark mashinasining o`rindig`i ostiga tushib qolgan ayolining qo`l telefoniga turk tilida ishqiy mazmunda kelgan sms-xabarlarni ko`rib qolgan. So`ngra blokdan chiqarib berishini ayolidan so`raydi, biroq u qarshilik qiladi.
Natijada er ayolining turli joylariga urib, yiqitgan. Ayol esa o`zini himoya qilish uchun o`sha erdagi o`roq bilan erining chap oyog`iga urgan. Bundan g`azablangan er ayolini konteyner vagoniga sudrab kirib, o`roq va temir bo`lagi bilan xotining turli joylariga bir necha marotaba urgan. Natijada ayol olgan tan jarohatlari sabab halok bo`lgan.
Aniqlanishicha, erkak avval ham og`ir va o`ta og`ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun qamoq jazosini o`tab chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi JIB Oltiariq tuman sudida ko`rib chiqilgan. Unga ko`ra, sudlanuvchi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u o`ta xavfli residivist deb topilgan.






