Xususiy maktablarga 1-sinfga borgan bolaning ota-onasiga bir yil davomida maktab uchun oylik to`lovining 450 ming so`mi kompensasiya qilib beriladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev ma`lum qildi. Uning so`zlariga ko`ra, xususiy maktablardagi o`quvchi o`rinlari hozirgi 85 mingtadan 2030 yilgacha kamida 400 mingtaga etkaziladi.
Maktab infratuzilmasini rivojlantirish jamg`armasi tashkil etilib, unga har yili 1 milliard dollardan mablag` ajratiladi. Joriy yilda boshlanadigan “Yiliga 500 ming o`quvchi o`rni” dasturi doirasida 2030 yilga qadar yangi maktablar barpo etish va bor quvvatlarni oshirish hisobiga, qo`shimcha 2,5 million o`quvchi o`rni yaratiladi.
Bu haqda ma`lum qilgan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoevning aytishicha, yangi tashkil etiladigan jamg`arma mablag`lari hisobidan 170 ta yangi maktablar qurilib, 3 ming 210 tasi rekonstruksiya qilinadi.
Mirziyoev Buxorodagi uchrashuvda xususiy ta`limni rivojlantirishga oid rejalar haqida ham ma`lumot berdi.
“Xususiy maktablarga 1-sinfga borgan bolaning ota-onasiga bir yil davomida maktab uchun oylik to`lovining 450 ming so`mi kompensasiya qilib beriladi. Tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil etish uchun olinadigan kreditning 14 foizdan ortgan qismi qoplab beriladi”, dedi u.
Xususiy maktablarda muallimlar uchun talablar davlat maktablari bilan bir xil bo`ladi. Shu orqali maktablarda o`quvchilar soni 35 nafardan ko`p bo`lgan birorta sinf qolmaydi (hozir 37 mingta bunday sinf bor), deya ma`lum qildi prezident.
“Umuman, hozirgi vaqtda xususiy maktablarda mavjud 85 ming o`quvchi o`rnini 2030 yilga qadar kamida 400 mingtaga etkazish bo`yicha barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Jumladan, yuqori sinfda aniq va tabiiy fanlar hamda chet tillarini chuqurroq o`qitish yo`lga qo`yiladi. Kelgusi 7 yilda barcha maktablarga “til egalari” bo`lgan o`qituvchilarni olib kelamiz. Buning uchun har yili 200 milliard so`m ajratiladi”, dedi nomzod.






