Joriy yilning 20 iyun kuni bo`lib o`tgan Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisini 2023 yilning 22 iyun kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o`tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to`g`risida”gi, “Davlat boji to`g`risida”gi qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma`muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan MJtKga o`zgartirishlar va qo`shimcha kiritish haqida”gi hamda “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to`g`risidagi qonunga o`zgartishlar va qo`shimcha kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi, “Radiochastota spektri to`g`risida”gi qonunga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasida O`zbekiston – Qozog`iston Davlat chegarasini demarkasiya qilish to`g`risidagi shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikasiya qilish haqida”gi hamda “O`zbekiston Hukumati bilan Pokiston Hukumati o`rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to`g`risidagi bitimni (Islomobod, 2022 yil 3 mart) ratifikasiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta`minlash choralari yuzasidan Madaniy meros agentligiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini ham ko`rib chiqish rejalashtirilgan.






