Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o`qishda qabul qilindi.
Hujjatda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
-11 ta viloyatidagi 47 ta “sharoiti og`ir” bo`lgan tumanlar uchun vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish;
-foydalanilmayotgan ob`ektlar egalariga nisbatan mol-mulk va er solig`ining oshirilgan stavkalari qo`llanilishini bekor qilish;
-davlat organlariga, muassasa va tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan va ular tomonidan boshqa tashkilotlarga ijaraga berilgan erlarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish;
-kadastr hujjatlari mavjud bo`lmagan uy-joy egalari uchun uch karra oshirilgan stavkada er solig`ini hisoblash tartibi qo`llanishini to`xtatib turish;
-elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarini qo`llab-quvvatlash orqali innovasion texnologiyalar joriy etilishini rag`batlantirish.