Qashqadaryo viloyatida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Dehqonobod tuman bo`limi boshlig`i avtohalokatga uchradi. Departament axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Unga ko`ra, holat 20 iyun kuni soat 16:10 larda Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani Qorashina shaharchasida sodir bo`lgan. Termiz—Toshkent xalqaro yo`lida departamentning Dehqonobod tuman bo`limi boshlig`i B.G`. o`ziga biriktirilgan Nexia-3 da harakatlanib kelayotgan vaqtida qarama-qarshi yo`nalishdagi fuqaro Sh.F. boshqaruvidagi Cobalt bilan to`qnashib, yo`l-transport hodisasiga uchragan.
Shuningdek, orqa tomondan harakatlanib kelayotgan fuqaro U.Yo. boshqaruvidagi Spark ham B.G`. boshqaruvidagi Nexia-3 avtomashinasiga kelib urilgan.
Mazkur holat yuzasidan tegishli sud tibbiyot ekspertizalari hamda departament xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.






