AsosiyMutolaa

Tuzlangan bodring (hikoya)

Ketrin Mensfild

Ketrin Mensfild 1888 yil 14 oktyabrda Yangi Zelandiyaning Vellington shahrida dunyoga keldi. Atigi 34 yil yashagan adiba o`zining qisqa umri davomida Evropaning ko`pgina davlatlarida yashadi, insoniyat qalbining eng inja tuyg`ularini, eng og`riqli nuqtalarini topib qog`ozga bitdi. Uning talay hikoyalar, she`r va maqolalari dunyoning ko`plab tillariga tarjima qilindi. Uning “Germaniya pansionatida”, “Marhum polkovnik qizlari”, “Ziyofat”, “Pashsha”, “Qirg`oqdagi ayol” kabi sara asarlari Ketrinni adabiyot olamida o`z ovozini topishga sababchi bo`ldi. 

Mana oradan olti yil o`tib yana uni uchratib turibdi. Yigit sun`iy nargis gullariga to`la yapon guldoni qo`yilgan pastak bambuk stoli yonida o`tirardi. Oldidagi vazada mevalar uyulgan, yigit esa, juda tanish, o`zigagina xos harakatlari-la  apelsin archardi. 

Boshini ko`tarib, ko`z-ko`zga tushganida yigit ham qiz  kabi hayratga qolgan bo`lsa kerak. Ajabo! Tanimadi! Jilmaydi; yigit esa qovog`ini osdi. U ohista yigit tomon yurib bordi. So`ng yigit bir muddatga ko`zlarini yumdi, ochganida esa go`yoki zim-ziyo xonada gugurt chaqqandek yuzlari yorishib ketdi. Yigit qo`lidagi apelsinni qo`yib, kursisini surdi. U esa nozik,  iliq qo`lini  engidan  chiqarib yigitga uzatdi. 

— Vera! – xitob qildi yigit. – Voajab! Chin so`zim sizni tanimabman. O`tirmaysizmi? Tushlik qilganmidingiz? Bir finjon qahvaga tobingiz qalay?    

U ikkilandi, biroq aslida o`zining ham istagi shu edi. 

— Ha, qahva icha qolaman.

So`ng yigitning qarshisiga cho`kdi. 

— O`zgarib ketibsiz. Judayam o`zgarib ketibsiz, — dedi yigit o`sha chaqnoq ko`zlarini ehtiros—la unga tikar ekan. – Ko`rinishingiz juda yaxshi. Avvalari hech sizni bunday ko`rmagan edim. 

— Rostdanmi? – U yuzidagi to`rni ko`tarib, baland mo`ynali yoqasini bo`shatdi. – Ko`rinishim joyidamas. Bilasiz, bu havoga toqat qila olmayman. 

— Ha-ya. Sovuqni yomon ko`rardingiz...

— Juda ham. – U titrab ketdi. – Eng yomoni — olib borgan sayin...

Yigit uning so`zini bo`ldi.

— Kechirasiz, — stolni urib ofisianti chaqirdi. – Bir qahva bilan krem keltirsangiz, iltimos. – So`ng undan so`radi – Rostdan ham hech narsa emaysizmi? Meva-cheva degandek. Bu erning mevalari ajoyib.   

— Yo`q, rahmat. Hech narsa emayman. 

— Unda, masala hal. – Yigit yoyilib iljaydi-da, apelsinni qayta qo`liga oldi. – Olib borgan sayin deyayotgan edingiz...

— Sovib borgan sayin, demoqchi edim, — kuldi qiz. Ammo uning bu qilig`ini – gap bo`lish odatini qanchalar yaxshi eslashini va olti yil burun uning bu qilig`idan nechog`lik g`azablanishini  xayolidan  kechirdi. O`sha paytlar yigit hech kutilmaganda uni gapirayotgan joyida to`xtatib, barmoqlarini uning labiga bosar, ters burilib, boshqa ish bilan mashg`ul bo`lar, so`ng qo`lini labidan olib, hozirgidek iljaygancha yana e`tiborini unga qaratardi...—  Mana endi biz tayyormiz. Masala hal.

— Ha, sovuqmi, – kulgancha takrorladi uning so`zlarini. – Voy—bo`y, hali ham shu gapmi? Ha, yana bir narsangiz hech o`zgarmabdi – yoqimli ovozingiz va chiroyli so`zlashingiz. – Bu gal yigit jiddiy tortgandi. U tomon engashganida apelsinning xushbo`yi dimog`iga urildi. – Atigi birgina  so`z aytsangiz ham barcha ovozlar ichidan siznikini tanib olaman. Ovozingiz xotiramda bu qadar chuqur o`rnashib qolishiga sabab nima, bilmayman; bu haqda ko`p o`yladim... Kyu Gardensda ilk bor birga o`tkazgan kunimiz yodingizdami? O`shanda bitta ham gulning nomini bilmaganim uchun hayratlangandingiz. O`rgatganlaringiz hali ham esimda yo`q. Biroq shunisi juda g`alatiki – kunlar ilib, anvoyi chechaklarga ko`zim tushgan on sizning ovozingiz qulog`im ostida jaranglaydi – “Yorongul, hamishabahor, chamandagul”. Unutilgan, mo``jiza misol o`sha tildan yodimda qolgani shu uch jumla xolos... O`sha kunni eslaysizmi?

— Oh, ha, juda yaxshi eslayman. – qiz xuddi o`rtalarida turgan qog`oz nargis gullari dimog`ni yoruvchi bo`y taratayotgandek uzun va engil so`lish tortdi. Holbuki, o`sha kundan yodida qolgani – choyxo`rlik ustidagi bema`ni manzara edi. Xitoy ibodatxonasida choyxo`rlik qilayotgan bir talay odam, yigitning arilarni deb o`zini savdoyilarcha tutgani, poxol shlyapasi bilan ularni haydab solgani, g`azabga to`lib toshgani... Choyxo`rlarning qiqir-qiqir kulishib maza qilishganlari... Va o`zining qanchalar azob chekkani...

Ammo endi, yigit aytganidek, xotiralar unut bo`ldi. U haq edi. Ha, o`shanda kun ajoyib edi, har tarafda yorongulu hamishabahor va chamangullar barq ochilib yotar, kun iliq va quyoshli edi. 

Kunning taftida yana bir xotira uyg`ondi. U o`zini maysa ustida o`tirgan holda ko`rdi. Yigit esa yonida yotar, so`ng nogoh uzoq jimlikdan so`ng, ag`darilib, boshini uning tizzasiga qo`ydi. 

—Qaniydi, — dedi yigit past hayajon to`la ovozda, — qaniydi zahar ichgan bo`lsamda, hozir jon taslim qilayotgan bo`lsam!

Shu asnoda suv tomchilab turgan uzun oq nilfiya tutgan oq ko`ylakdagi mitti qizaloq butalar orasidan mo`ralab ularga qaradi, so`ng yana berkinib oldi. Ammo yigit buni ko`rmadi. 

— Voy, nega bunday deysiz? Men bunday demagan bo`lar edim. — Biroq yigit xafif ingradi, so`ng qizning qo`lidan tutib yonog`iga bosdi. 

— Chunki sizni benihoya sevib qolyapman. Bundan esa adoqsiz azobga duchor bo`laman, Vera, chunki siz hech qachon meni sevib qolmaysiz... 

...Hozir esa yigit  avvalgidan ancha durust ko`rinadi. O`ychan iztiroblaru qat`iyatsizliklar g`oyib bo`lgan. Endi esa unda o`z o`rnini topgan va hayotini o`ziga ishonch va qat`iyat bilan to`ldirgan bir erkakning havosi bor edi. Pul ham jamg`argani shubhasiz. Ust-boshi qimmatbaho. Va shu payt cho`ntagidan rus portsigarini chiqardi. 

— Chekasizmi? – so`radi yigit.

— Ha. – Uning nigohi sigaretalarga qadaldi. – Ajoyib sigaraga o`xshaydi.

— Menimcha ham, shunday. Bularni Sent—Jeyms ko`chasida bir odamga tayyorlattirdim. O`zi ko`p chekmayman. Lekin agar cheksam, sigaret go`zal va o`ziga xos bo`lishi lozim. Chekish men uchun odatga aylanmagan; bu hashamatning bir ko`rinishi, xolos; atirga o`xshab. Hali ham atirlarni xush ko`rasizmi? Eh, Rossiyadaligimda...

U yigitning gapini bo`ldi:

— Chindan ham Rossiyada bo`ldingizmi?

— Albatta. Bir yildan oshiq o`sha erda bo`ldim. U erga borishni juda-juda  orzu qilardik, unutdingizmi?     

— Yo`q, unutganim yo`q. 

Yigit g`alati  tarzda iljayib qo`ydi-da, o`rindiqqa yastanib dedi:

— Juda qiziq-a? Men ikkalamiz rejalashtirgan barcha sayohatlarni amalga oshirdim. Ha, biz bormoqchi bo`lgan o`sha manzillarning hammasida bo`ldim. So`nggi uch yilim nuqul sayohatlar bilan o`tdi. Ispaniya, Korsika,  Rossiya, Misr... Birgina Xitoy qoldi, lekin urush poyoniga etgach, u erga ham bormoqchiman. 

Yigit sigareti uchini engilgina kuldonga bosa—bosa so`zlar; yigitni tinglar ekan, uning ko`ksida uzun zamonlardir mudrab yotgan ajabtovur bir jonzot qimirladi, so`ng kerishdi, quloqlarini ding qildi va shunda qo`qqisdan sakrab oyoqqa qalqib, ishtiyoqmand hamda tashna nigohini o`sha olis manzillarga tikdi. 

—Qanchalar sizga havasim kelyapti... 

Yigit bunga ishondi. 

— Nihoyatda ajoyib edi, — dedi u, — ayniqsa, Rossiya. Xuddi biz tasavvur qilgandek, hatto undan ham a`lo. Men bir necha kunimni Volgada qayiqda o`tkazdim. Siz xirgoyi qiladigan o`sha qayiqchi qo`shig`i yodingizdami? 

— Ha. — Shu on u bu qo`shiqni hayolida kuylab  ketdi. 

— Hozir ham chalib turasizmi?

— Yo`q. Pianinom yo`q. 

Anavi chiroyli pianinongizga nima bo`ldi? —  ajablandi yigit.

— Sotildi. Bunga a-ancha  bo`ldi. 

— Ammo musiqa jonu dilingiz edi, axir – hayron qoldi yigit.

— Hozir bunga vaqtim ham yo`q, — dedi qiz. 

Yigit bu mavzuga boshqa qaytmadi. 

— Daryoda kechirgan hayotim, — davom etdi so`zida u, — mutlaqo o`zgacha edi. Bir-ikki kun o`tgach, bu hayotdan aslo uzilging kelmay qoladi. Buning ustiga til bilishning ham zarurati yo`q, qayiqdagi hayot sen va u erdagi insonlarni ko`rinmas rishtalar bilan bog`laydi. Ular bilan ovqatlanasan, birga vaqt kechirasan, oqshom esa poyoni yo`q qo`shiqlar...

Qiz titrab ketdi, qulog`i ostida qayiqchining baland va qayg`uli qo`shig`i jaranglatdi, ko`z oldida esa ikki cheti ma`yus daraxtlar bilan qurshalgan qoramtir daryo bo`ylab suzib borayotgan qayiq... “Ha, bu menga yoqqan bo`lardi”, dedi so`ng muftasini silab.

— Rus hayotidagi hamma narsani yoqtirgan bo`lar edingiz, — dedi yigit samimiyat bilan. — Shunchalar rasmiyatchilikdan, savollardan xoli, shunchalar erkin. Dehqonlari biram ajoyib. Hattoki izvoshchi o`sha erdagi hayotning muhim bo`lagiga aylanadi. Yodimda, bir oqshom biz ulfatlar – ikki oshnam va birining rafiqasi, Qora dengiz bo`yiga sayrga chiqdik. Ovqat va shampan vinosi oldik, maysalar ustida o`tirib, edik-ichdik. Va o`shanda ovqatlanib o`tirgan chog`imiz izvoshchi yaqinlashdi. “Tuzlangan bodringdan olinglar”, dedi u. Biz bilan baham ko`rmoqchi bo`ldi. O`shanda shunday yashash kerakdek tuyulib ketdi menga, shunchalar... nima demoqchi bo`layotganimni anglayapsizmi?

U esa bu paytda maysalar ustida tim qora, osuda to`lqinlarini qirg`oqqa urgancha shovullayotgan o`sha sirli Qora dengiz bo`yida o`tirgandek edi. Ko`zi oldiga yo`lning chetiga to`xtab turgan izvosh va maysalar ustida o`tirgan  ulfatlar keldi, ularning yuzlari, qo`llari oy nurida oppoq ko`rinar edi. Ayolning yaslangan xira ko`ylagi, maysada ulkan kumushrang to`quv ilgagi kabi yotgan soyaboni ko`zi o`ngida jonlandi. Ulardan sal nariroqqa  sochiqqa kechki ovqatini o`rab olgan  izvoshchi kelib o`tirdi. “Tuzlangan bodringdan olinglar”, dedi so`ng. U garchi tuzlangan bodring nimaligini aniq bilmasa ham, ko`z oldiga to`tiqushning tumshug`iga o`xshab yaltirab ko`rinayotgan qizil qalampir solingan ko`kish shisha banka keldi. Lunjini shimib ko`rdi; bodring nihoyatda sho`r ekan...

— Ha, — dedi so`ng, — nima demoqchi ekanligingizni yaxshi tushundim. 

Oraga jimlik cho`kib, ular bir—birlariga qarab qoldilar. Avvallari shunday qarashlar ila bir—birlarini benihoya yaxshi anglar edilar, qalblari birlashib, dengiz bag`riga  otilar, munglig` oshiq—ma`shuq singari cho`kib ketishga ham rozi bo`lardilar. Ammo hozir yigit o`ylariga cho`mib o`tirardi. 

— Qanchalar ajoyib tinglovchisiz-a, — dedi yigit, — bu ko`zlar yonib menga qaraganida, go`yoki hech kimga ayta olmaydigan so`zlarimni ham sizga ayta oladigandek his qilaman o`zimni.  

Yigitning so`z ohangida mazaxga o`xshash bir nima bor edimi, yoki unga shunday tuyuldimi — farqlay olmadi. 

— Sizni uchratmasimdan oldin, — davom etdi yigit, — o`zim haqimda hech kimga so`zlamagan edim. Sizga kichkina Rojdestvo archasini olib kelganim va bolaligim to`g`risida barchasini so`zlab berganim — o`sha tun hali hanuz yodimda. O`ta nochor ahvolda, qochib chiqib, ikki kun hovlimizdagi aravaning ostida yashaganimda hech kim meni izlab topa olmagani... O`shanda ham ko`zlaringiz chaqnab meni tinglagan edingiz,  go`yo kichkina Rojdestvo archasini ham tinglatgandek tuyulgandingiz menga o`shanda, xuddi ertaklardagidek.   

Qizning yodida qolgani esa o`sha oqshomgi bir idish ikra edi. Narxi etti shillingu olti pens edi. Yigit o`shanda hech aqliga sig`dira olmagandi. 

— O`zingiz bir o`ylang axir, nahot  jimitdek banka etti shillingu olti pens tursa! — Yigit hayrat aralash zavq bilan uning eyishini tomosha qilgan edi.      

— Yo`q, rostdan ham pulni eb bitirar ekan. Bu mitti idishchaga etti shillingning o`zi sig`maydiku hatto. Bundan qancha daromad ko`rishlarini bir o`ylang... — dedi yigit, so`ng allaqanday tushunish qiyin bo`lgan murakkkab hisob-kitoblarga tutindi... 

Endi esa “Alvido, ikra”. Stol ustida Rojdestvo archasi joy olgan, arava tagidagi mitti bolakay esa itni yostiq qilib, unga  bosh qo`ygancha yotardi. 

— Itning oti Bosan edi, — sevingancha xitob qildi u.

Yigit anglamadi. 

— Qaysi it? Itingiz bor edimi? Hech eslay olmayapman.

— Yo`q, yo`q. Bolaligingizdagi itni aytyapman.

Yigit kuldi va portsigarini qarsllatib yopdi.

— Ha, umi? Bilasizmi, butkul unutibman. Oradan asrlar o`tgandek go`yo. Bor-yo`g`i olti yil o`tganiga aqlim bovar qilmaydi. Bugun sizni tanigach, bir  hatlab o`tmishga qaytishimga to`g`ri keldi. O`shanda g`irt go`dak  bo`lgan ekanman, — yigit stolni barmoqlari bilan chertdi. – Sizni o`shanda qanchalar bezor qilganimni tez-tez eslab turaman. Ammo nega menga maktub yozganingizni men ham xuddi sizdek juda yaxshi tushunyapman – garchi o`shanda bu maktub umrimga zomin bo`layozgan bo`lsa-da. Bir kuni shu maktubni topib oldim. O`qir ekanman, o`zimni kulgudan to`xtata olmadim. Shunchalar donolarcha yozilgan, shunchalar meni haqqoniy tasvirlagan edi bu maktub, — yigit nigohini ko`tarib, unga qaradi, — Ketmoqchimisiz? 

U yoqasining tugmalarini o`tkazib, vualini tushirdi. So`ng:

— Ha, ketmasam bo`lmaydi, — dedi bazo`r jilmayib. Yigit aniq mazax qilayotgani unga endi oshkor edi.

— Oh, yo`q, yana birozga qoling, iltimos, — deya yalindi yigit va stoldan bitta qo`lqopini olib, go`yo shu bilan  uni tutib qoladigandek, mahkam changalladi. — Shu kunlarda gaplashadigan odam topolmayman, odamovi  bo`ldim — qoldim, — dedi u. – Ko`nglingizni og`ritadigan biron gap aytdimmi yoki?

— Hecham—da, — aldadi u. Ammo yigitning qo`lqopni barmoqlar orasidan tortqilashini kuzatar ekan, g`azabi asta—sekin so`na boshladi, ustiga-ustak shu on yigit olti yil oldingi holiga qaytgandek tuyuldi unga...

— O`shanda chin dildan istaganim, — dedi yigit mayin ovozda, — poyandozga aylanib qolish edi, siz uchun poyandozga aylanib, oyoqlaringiz ostiga to`shalsam va siz cho`chiydigan  balchiq va qirratoshlardan ozor chekmasangiz derdim. Yagona orzuim uchar gilamga aylanib sizni, barcha orzu qilgan manzillaringizga eltish edi. 

Yigitni tinglar ekan, qiz boshini mastona ko`tardi; ko`ksidagi o`sha g`alati jonzot mushukdek xurillay boshladi...

— O`shanda siz nazarimda yakkayu  yolg`iz edingiz, — davom etdi yigit so`zida, — va ehtimol, dunyoda sizdan bo`lak tirik jon yo`q edi. Bemahal dunyoga kelgan ekanmiz, — dedi so`ng past ovozda, — qismat ekan.

Oh, Xudoyim! U nima qilib qo`ydi? Shundayin baxtidan yuz o`girishga qanday jur`at qildi? Axir uni hammadan ham yaxshi anglay oladigan inson shu edi-ku. Endi kechmi? Nahot juda kech bo`lsa? U yigit qo`lida tutib turgan qo`lqop edi go`yo...   

— O`shanda aqalli bitta ham do`stingiz yo`q edi, hech kim bilan do`st tutinmas edingiz. Sizni qanchalar yaxshi tushunardim, chunki mening ham do`stim yo`q edi. Hozir ham shunaqami?

— Ha, — xo`rsindi u, — Har qachongidan ham yolg`izman. 

— Men ham, — kulib qo`ydi yigit, —  o`shanday. So`ng dabdurustdan ildam harakat qilib, qo`lqopni sohibasiga qaytardi va o`rindig`ini g`ichirlatdi. – Biroq o`shanda menga benihoya sirli tuyulgan narsalar bugun nihoyatda tushunarli ko`rinyapti. Albatta, sizga ham... Biz shunchaki o`taketgan xudbin edik, o`z qobig`imizga shu qadar o`ralib olib, o`zimiz bilan ovora edikki, qalbimizda boshqa bir inson zotiga zig`ircha ham joy qolmagandi. Bilasizmi, — xitob qildi yigit samimiy va soddadillik bilan va shu onda avvalgi holatiga qaytgandek bo`ldi, — Rossiyadaligimda men hatto “Tafakkur nazariyasi”ni o`rgandim va tushunib etdimki, biz aslo o`zgarmas  ekanmiz. Bu ma`lum bir shakldagi...

Qiz  allaqachon ketib bo`lgandi. Yigit gapi og`zida qolib, hayrat og`ushida o`tirib qoldi... So`ng ofisiantdan hisobni keltirishni so`radi. 

— Faqat, kremga qo`l ham tekkizilmagan, — dedi yigit, — iltimos, buni hisobga qo`shmasangiz.    

Ingliz tilidan Munira Norova tarjimasi

    Boshqa yangiliklar