Maktabgacha ta`lim agentligining Jamoatchilik kengashi a`zolari yig`ilishida O`zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov bog`cha yoshidagi bolalar uchun o`zbekcha qo`shiqlar kamligiga alohida to`xtalib o`tgan. Bu haqda “Daryo” xabar bermoqda.
“Xayr bog`cha, salom maktab” konserti a`lo darajada bo`lib o`tdi. Bolalarning iqtidorini ko`rdik, ashulalarini eshitdik. Shu erda kichkina muammoga duch keldik — bog`cha yoshidagi bolalar uchun o`zimizning milliy qo`shiqlarimiz yo`q ekan. Ko`p bolalardan qo`shiq aytib ber-chi, deb so`rasak, ruscha yoki evropacha qo`shiq aytib beradi. Lekin “O`zbekcha qo`shiq bilasanmi?”, desak “Yo`q”, deb javob beradi. Ulardan “Nima uchun o`zbekcha qo`shiq bilmaysan?” deb so`rasam, “Siz o`zingiz ayting, qaysi qo`shiqni o`rganaylik?”, deb savolimga savol bilan javob berishdi. Mana shu erda bildikki, bolajonlar uchun o`zbekcha qo`shiq juda kam ekan. Bo`lsa ham sanoqli: uchta yo to`rtta. Yo`q desa ham bo`ladi. Ular ham sevib aytilmaydigan qo`shiqlar. Shuning uchun hozirgi kunda kompozitorlar bilan bog`cha yoshidagi bolalar uchun ko`proq qo`shiqlar yozish ustida ishlayapmiz”, — dedi xonanda.
U, shuningdek, bolalarni fonogramma orqali qo`shiq aytishga o`rganib qolayotganini alohida ta`kidlagan. Qayd etilishicha, buni to`xtatish uchun Janudiy Koreya tomonidan berilgan 2 mingta pianinoga yana qo`shimcha olinadi. Bu bilan bog`chalarda bolalarni jonli ijroga va eshitish orqali eslab qolish qobilyatini shakllantirish maqsad qilingan.
Eslatib o`tamiz, Jenisbek Piyazov 2022 yil boshida maktabgacha ta`lim vaziriga (hozirgi Maktabgacha ta`lim agentligi direktori — tahririyat) madaniyat va san`atni rivojlantirish yo`nalishlari bo`yicha jamoatchilik asosida maslahatchi etib tayinlangan.