AsosiyJamiyat

Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning himoyachisi

'Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning himoyachisi'ning rasmi

So`nggi yillarda tadbirkorlarga munosabat tubdan o`zgargani, davlat tadbirkorlarning muammolari, murojaat va takliflarini tinglaydigan, ularga echim topadigan samarali tizim yaratilgani, ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo`yicha ko`plab cheklovlarga barham berilgani amalda kutilgan samaralarni bermoqda.

Buning natijasida yurtimizda o`z biznesini yo`lga qo`yib, o`zi, oilasi, mahalla, el-yurt farovonligiga munosib hissa qo`shayotgan tadbirkorlar safi tobora kengaydi. Hozir tadbirkorlar ilgarigi davrlardagi kabi qo`rquv hissi bilan yashamayapti, balki yangi g`oya va tashabbuslarini dadil amalga oshirmoqda.

So`nggi besh yil ichida tadbirkorning soni qariyb 2 barobarga ko`paydi – 2018 yil 229,7 mingtadan 2023 yil 523 600 tagacha.

Bu o`z navbatida, yuz minglab ishchi o`rinlarini yaratishga hamda iqtisodiyotimizni oyoqqa turg`izishga – yalpi ichki mahsulot hajmi 52 milliard dollardan 80 milliard dollarga etishiga, aholimiz xarid qobiliyati va o`rtacha oylik ish haqi qariyb 2 barobar oshishiga (360 dollar) asos bo`ldi.

Shuni ham e`tirof etish kerakki, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o`rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to`g`ri kelmoqda. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlar mehnat qilayotgani biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o`rni ham ortib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.05.2017 yil 5-maydagi PF-5037-son Farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakili instituti ta`sis etildi. 2017 yil 29 avgustda esa, mazkur institut huquqiy maqomini belgilovchi Qonun qabul qilindi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha vakil faqatgina 2022 yil davomida tadbirkorlarning 9 850 ta murojaatini ko`rib chiqib, shundan 48 foizi bo`yicha tadbirkorlarning huquqi tiklandi.

O`tgan davrda biznes ombudsman tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo`yicha 8 ta nazorat organida o`rganish o`tkazilgan. O`rganishda 8 771 ta qonunbuzilishi holati aniqlanib, 10 ta xulosa, 8 ta taqdimnoma, 1 ta jinoyat haqida taklif kiritilgan, shuningdek, 1 028 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va 33 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati tekshiruvlarini muvofiqlashtirish borasida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilib, 2022 yil 1 noyabrdan barcha tekshiruvlar axborot tizimida ro`yxatga olinishi majburiyligi belgilandi.

Tekshiruvlar o`tkazilishining qonuniyligi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring doirasida 18 ta nazorat organi tomonidan 747 ta noqonuniy tekshiruv o`tkazilgani, 20 ta nazorat organi tomonidan 15 280 ta holatda tekshirish o`tkazish tartibi buzilganligi aniqlandi.

– aniqlangan, qonunbuzilish holatlari bo`yicha 666 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 31 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanilgan.

Biznes ombudsman tomonidan 2022 yil davomida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida 2 591 ta ta`sir chorasi qo`llanilgan, shundan 51,3 mlrd. so`mlik 182 ta da`vo arizasi (shikoyat), 131 ta taqdimnoma, 82 ta ogohnoma, 70 ta xulosa va 2 126 ta ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Natijada 32,8 milliard so`mlik da`vo arizasi tadbirkorlar foydasiga qanoatlantirilib, ularning jami 436 gektar er maydoniga bo`lgan mulk huquqi tiklandi, 198 ta qaror (hujjat) bekor qilindi, 123 nafar mas`ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, 4,5 milliard so`mdan ortiq asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilindi.

Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida 2022 yil davomida 439 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ekspertizadan o`tkazilib, ular bo`yicha jami 493 ta taklif va e`tirozlar yuborilgan.

Biznes-ombudsman devoni tomonidan 7 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan, 2 ta Qonun, 3 ta Prezident Farmoni, 2 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi.

2022 yildan boshlab tadbirkorlarning murojaatlarini 24 soat nazorat qilish imkoniyatini beruvchi “Tadbirkor virtual ofisi” ishga tushirilgani ham muhim voqea bo`ldi.

Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik takomillashtirilish maqsadida 2022 yilda Biznes ombudsman tomonidan 439 ta normativ–huquqiy hujjat loyihalari ekspertizadan o`tkazilib, ular bo`yicha jami 493 ta taklif va e`tirozlar yuborilgan.

Shubhasiz yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-qo`vatlash, ayniqsa, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash tizimi yaratilishi xalqimiz farovon hayotining kafolatidir. Bu borada nafaqat tegishli davlat organlari, sud va huquqni himoya etuvchi organlar, balki Biznes ombudsmanning o`rni va ahamiyati ham beqiyosdir.

 

             yu.f.d.,professor Ismailov B.I.

    Boshqa yangiliklar