AsosiyJamiyat

Xorijliklar uchun o`zbek tilini o`rgatuvchi darsliklar yaratildi

'Xorijliklar uchun o`zbek tilini o`rgatuvchi darsliklar yaratildi'ning rasmi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “O`zbek maktabi” tomonidan “Xorijliklar uchun O`zbek tili” (A2 daraja uchun) darsligi yaratildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda. 

Kitob o`zbek tilidan boshlang`ich bilimga ega qiziquvchilarga mo`ljallangan. Ushbu darslik A1 daraja uchun mo`ljallangan darslikning uzviy davomi sifatida to`rtta til ko`nikmasi (gapirish, yozish, o`qish, tinglash) asosida A2 darajasidagi bilimlarni berishni ko`zda tutadi.  

Darslikning yuqori sifati, amaliy ahamiyatini yanada oshirish uchun audio va video materiallar havola qilingan. Bundan tashqari til o`rganuvchi bir paytning o`zida o`zbek madaniyatiga oid so`zlar, so`zlashuvda faol iboralar bilan ham tanishtirib boriladi.

Ushbu darslik shu yo`nalishda yaratilgan mavjud o`zbek tili qo`llanmalaridan inglizcha ko`rsatma va izohlarning berilishi, har bir darsda ishlatilgan so`zlarning ingliz, fransuz, koreys, turk, rus tillaridagi tarjimasi ko`rsatilgani bilan ajralib turadi.  

Har bir mavzu yakunida berilgan xilma-xil topshiriqlar, QR kodlarda keltirilgan video lavhalar, immitasion audiolar o`rganuvchini tanqidiy fikrlashga, nutq vaziyatiga moslashishga, lug`at materiallar esa so`z zaxirasini yanada boyitishga xizmat qiladi.  

Darslik yordamida til o`rganuvchilar tanish vaziyatlarda kerakli til vositalarini tanlash, oddiy vaziyatlarda og`zaki va yozma nutqda fikrlarni uzviy ifoda eta olish singari pragmatik kompetensiyalarni egallashlari maqsad qilingan. 

Mazkur darsliklar yordamida xorijliklar mustaqil yoki o`qituvchi yordamida o`zbek tilini bemalol boshlang`ich darajada o`rganishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar qilmoqda.  

    Boshqa yangiliklar