Hindistonning ayrim OAVda kecha ushbu davlatga Bihar shtatidagi Sitamarhi tumanida Nepaldan noqonuniy tarzda kirishga urinayotganda ushlangan O`zbekiston fuqarosi haqida ma`lumot tarqatildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”AA.
Ma`lum qilinishicha, o`zini O`zbekiston fuqarosi deb tanishtirgan X.M. ismli kishining yonida amaldagi pasporti yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlari bo`lmagan.
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tezkor chora-tadbirlar ko`rmoqda. Shu maqsadda Hindistonning tegishli mahkama va idoralari bilan aloqa o`rnatilib, mazkur vaziyat nazoratga olindi.
Diplomatik missiya vatandoshlarimizni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg`on va`dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo`lib turish chog`ida mahalliy qonunchilik talablariga qat`iy rioya qilishga chaqiradi.
Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko`rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:
Telefon: +91 11 2467 0774/75
Telegram-bot: @consuluzbindia_bot
Hindiston OAV tarqatgan xabarga ko`ra, yil boshidan beri 10 dan ortiq davlatning kamida 35 nafar fuqarosi Nepal-Hindiston chegarasiini noqonuniy kesib o`tishga urinayotgan paytda qo`lga olingan.






