Namanganda noyob tangalar topildi, ushbu nodir topilmalar 1200-1500 yillik tarixdan so`zlasada juda ham yaxshi saqlangan, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, ular ichida 475-600 yillarga mansub Baqtriya kumush tangalari mavjudligi keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg`otmoqda.
Qayd etilishicha, O`rta Osiyoda birinchi kumushdan yasalgan tangalar miloddan avvalgi 3-asrda chiqarilgan. Uning yuza qismi - aversiga podshoning surati, orqa tomoni -reversiga esa har xil xudolar, muqaddas hayvonlar tasviri solingan yoki podsholarning nomi yozilib, tamg`asi tushirilgan.
9-asrga oidligi aytilayotgan Qoraxoniylar hukmronligi davridagi kumush tanglar ham arab yozuvidagi bejirim xatga ega.
Yana bir tanga mutaxassislar e`tiborini tortdi. Uning aversida arab yozuvi, reversida xitoy ierogliflari mavjud.
- Hozirda Axsi osori-atiqalar muzeyida turli davrlarga oid mingdan ortiq tangalar saqlanmoqda. Yangi Axsi va Axsikent arxeologiya yodgorlik majmualarida boshlangan keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari barchani quvontirmoqda. Buni ko`rgan xalqimiz asrlar osha saqlab kelayotgan nodir artefaktlarini muzeyga taqdim etishmoqda, - deydi majmua rahbari Bilolxon Rustamov.
Ayni paytda olimlar tangalarning tasvirlari, yozuvlari, og`irligi, qanday metalldan yasalganligi, pul muomalasidagi darajasi va tanga zarb qilinish tarixini o`rganishmoqda.






