AsosiyJamiyat

Akademik liseylarga o`quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon bekor qilinadi

'Akademik liseylarga o`quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon bekor qilinadi'ning rasmi

“Ma`muriy islohotlar doirasida oliy ta`lim, fan va innovasiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–200-son, 03.07.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qilmoqda. 

Qarorga ko`ra, oliy ta`lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori 200 talik ro`yxatga kirgan xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari dasturi asosida qayta ishlab chiqiladi.

Ta`lim tashkilotlarini attestasiyadan va davlat akkreditasiyasidan o`tkazish tartibi bekor qilinib, kompleks va maxsus davlat akkreditasiyasidan o`tkazish tizimi joriy etiladi. Bunda:

- kompleks davlat akkreditasiyasi har 4 yilda ta`lim tashkilotlarini tashqi baholash natijalari asosida o`tkaziladi;

- lisenziyasi bekor qilingan ta`lim tashkiloti yoki yopilgan ta`lim dasturida o`qiyotgan talabalarga o`qishini davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlarining mos va turdosh ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklariga ko`chirish huquqi beriladi.

Shuningdek, ta`lim dasturlarini xalqaro akkreditasiyadan o`tkazish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:

Vazirlik tomonidan tan olingan xalqaro reyting tashkilotlarining birinchi 1 000 talikka kirgan oliy ta`lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditasiyasidan ozod qilinadi.

Oliy ta`lim tashkilotlarining reytingi ta`lim tashkilotining faoliyati va ta`lim jarayoniga aralashmagan holda ma`lumotlarni axborot tizimi orqali olish yo`li bilan yuritiladi.

2024 yil 1 yanvardan:

➖reyting davlat va nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari bo`yicha umumiy aniqlanadi;

➖so`nggi 5 yil davomida reytingda birinchi 10 talik o`rinni egallagan oliy ta`lim tashkilotlari navbatdagi kompleks davlat akkreditasiyasidan ozod qilinadi.

 2025 yil 1 yanvardan:

➖nodavlat oliy ta`lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash bo`yicha kvota ularning reytingdagi o`rniga muvofiq ajratiladi;

➖oliy ta`lim tashkilotlarining ta`lim sohalari kesimidagi reytingini yuritish yo`lga qo`yiladi.

2023/2024 o`quv yilidan:

- akademik liseylarga o`quvchilarni qabul qilishda yozma imtihon asosida dastlabki saralash bosqichi bekor qilinadi;

- kollej va texnikumlarning ta`lim dasturlariga davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlari 2 baravarga oshiriladi;

- abiturientlarga “davlat granti” yoki “ta`lim yo`nalishi” ustuvorliklaridan birini tanlash va tanlagan ustuvorligi bo`yicha bakalavriat ta`lim yo`nalishlari ketma-ketligida tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi;

- talabaning ta`lim yo`nalishiga mos startap loyihasi hamda rasionalizatorlik g`oyasini bitiruv malakaviy ishi va magistrlik dissertasiyasi sifatida himoya qilish amaliyoti joriy etiladi;

- oliy ta`lim muassasalari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to`lanadigan qisqa muddatli maqsadli ishlab chiqarish amaliyotlari tashkil etiladi.

2024/2025 o`quv yilidan:

OTMga kirish imtihonlarini topshirish “avval test, so`ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi hamda abiturientlarga test sinovi natijasida to`plagan balidan kelib chiqib, oliy ta`lim muassasasi, ta`lim yo`nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi;

- umumta`lim fanlaridan xalqaro imtihon natijalari bo`yicha sertifikatlar davlat OTMga qabul qilishda inobatga olinadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar