Bugun O`zbekiston Ekologik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xamzaev farg`onalik saylovchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda viloyat faollari, yoshlar va partiyaning viloyat kengashi a`zolari, deputatlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Dastlab uchrashuvni nomzodning Farg`ona bo`yicha ishonchli vakili Ravshanbek Begmatov kirish so`zi bilan ochib, A.Xamzaevning tarjimai holini o`qib eshittirdi.
Shundan so`ng so`z o`z saylovoldi dasturi bilan saylovchilarni tanishtirish uchun Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzaevga berildi. Nomzod o`z nutqida saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to`xtalib o`tdi.
Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog`liq bo`lgan muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Dasturda birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo`lida ustuvor vazifalar belgilab qo`yilgan.
Shuningdek, Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzaev mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta`minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni izchillik bilan hal etish va yashil iqtisodiyotga o`tish orqali barqaror rivojlanishga erishish kabi muhim ahamiyatga ega yo`nalishlardan iborat taklif hamda g`oyalari xususida so`z yuritdi.
Ta`kidlanganidek, Ekologik partiya yashil taraqqiyot hamda yashil iqtisodiyotga o`tishni jadallashtirish tarafdori. Partiya kelajakda yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan zamonaviy raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan.
Nomzod dasturda aholining qulay atrof-muhitga ega bo`lish huquqini hamda ekologik xavfsizligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilayotgani va bu borada jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga yo`naltirilgan davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish taklif etilayotganiga to`xtalib o`tdi.
Farg`ona viloyatining ayrim tumanlarida dolzarb bo`lgan atmosfera havosining buzilishi, yirik zavodlardan chiqayotgan zaharli gazlar muammosi haqida ham alohida to`xtalib, bu kabi masalalarni hal qilish borasida saylovoldi dasturida qator takliflar belgilangani aytib o`tildi.
Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berishdi. So`zga chiqqanlar esa viloyatning ekologik muammolari va ularning nomzod dasturi bilan uzviy bog`liqligi haqida fikr bildirib o`tishdi.






