Sirdaryo viloyatining Guliston tumani Ahillik mahallasida istiqomat qilayotgan, 1976 yilda tug`ilgan Akromjon Mamatqulovga o`tkir buyrak etishmovchiligi tashxisi qo`yilib, Guliston tibbiyot klasterining nefrologiya va gemodializ bo`limiga yo`llanma berishdi. Ammo, bora-bora gemodializ muolajalari o`z samarasini bermay qo`yadi.
Shunda, uning 1974 yilda tug`ilgan opasi Gulbahor Muxtorova ukasi Akromjonga bir buyragini berishga qaror qiladi. Ma`lum bir tekshirish, shifokorlar xulosasidan so`ng, buyrak transplantasiyasi bilan bog`liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.
Amaliyot Guliston tibbiyot klasterida o`tkazilib, V.Vahidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaz xirurglari, sirdaryolik xirurglar hamrohligida olib borildi.
Ayni vaqtda opani, qolaversa, Akromjonni salomatligi ancha yaxshi. Ular o`z uyida, farzandlari oldida, shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapti.
— Rosti, jondek jigaringni kundan-kunga so`lib borishini ko`rgach, na ko`zingga uyqu keladi, na bir qultum suv tomog`ingdan o`tadi, — deydi Gulbahor Muxtorova. — Ko`p ham o`ylab o`tirmadim, ukam, uning guldek farzandlari ko`z o`ngimdan o`tavergach, bir buyragimni berishga qaror qildim. Ko`rib turganingizdek, ukam, ukajonim sog`-salomat. Opa uchun har narsadan ko`ra, jigarini salomatligi muhimroq. Buning uchun shifokorlarga rahmat. Ular yordami sabab, men ukamga, ukam salomatlikka erishdi.
Xarajatlar Davlat tibbiy sug`urtasi jamg`armasi hisobidan qoplab berildi.
04.07.2023 19:10
Sirdaryoda 49 yoshli opa ukasiga bir buyragini berdi






