"Yangi O`zbekiston" bog`iga tutash hududda "Hunarmandlar maskani"ni barpo etiladi va hunarmandlarga ijaraga beriladi. Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Respublika "Hunarmand" uyushmasi boshqarma boshlig`i Jamshid Tilyakov ma`lum qildi:
Farmonga ko`ra, Hunarmandchilik faoliyatining yo`nalishlari amaldagi 34tadan 43 taga ko`paytirildi.
Xususan ot anjomlari tayyorlash, xattotlik, qadimiy qo`lyozmalarni restavrasiya qilish, makrame va qo`lda to`qilgan buyumlar tayyorlash, an`anaviy do`ppichilik, zamonaviy san`at asarlarini yaratish, devorga bezak berish, an`anaviy dizaynerlik xizmatlarini ko`rsatish, quroqchilik usulida tikish yo`nalishlari kiritildi.
Farmonga ko`ra, "Xalq amaliy san`ati ustalarining milliy katalogi" va "Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reestri"ga kiritilgan hunarmandlar uchun preferensiyalar 2023 yil 1 iyundan 2025 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.
Bunda, Hunarmandlarning rasmiy ishlashini rag`batlantirish va faoliyatini kengaytirish maqsadida tushumi 100 mln so`mdan 1 mlrd so`mgacha bo`lgan hunarmandlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
Shuningdek, tovar belgilarini ro`yxatdan o`tkazish bepul amalga oshiriladi
Farmonga ko`ra, 2023 yil uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 500 mlrd so`m miqdoridagi kasanachilik va hunarmandchilik loyihalariga ajratiladigan kreditlarning 70 foizi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga yo`naltiriladi.
Farmonda kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi kasanachilikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi etib qayta nomlanishi va 2023 yil 15 iyundan boshlab hunarmandchilikni moliyaviy qo`llab-quvvatlash choralari Jamg`arma mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.
Farmonga ko`ra, kasanachilik asosida uy sharoitida ishlayotgan nogironligi bo`lgan shaxslarning ish joyini moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyi bo`yicha subsidiya ajratish tartibi hunarmandchilik bilan shug`ullanayotgan nogironligi bo`lgan shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, Jamg`arma hisobidan hunarmandchilik faoliyatini qo`llab-quvvatlash uchun tuman va shahar toifalaridan kelib chiqqan holda:
1. «Usta-shogird» an`analari asosida yoshlarga hunar o`rgatayotgan hunarmandlarga shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta`minlashga Bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 baravaridan 5 baravarigacha;
2. Shogirdlarga mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishga xarajatlarning 50 foizi biroq BHMning 25 baravarigacha va xarajatlarning 75 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha;
3. Ustalarga internet saytlarini yaratish, o`z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarini qoplash uchun xarajatlarning 50 foizi biroq BHMning 25 baravarigacha va xarajatlarning 75 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha;
4. Hunarmandlarning «Hunarmand» uyushmasiga a`zolik badali xarajatlari uchun BHM 5 baravarigacha miqdorida subsidiyalar ajratilishi ko`zda tutilgan.
Farmonga ko`ra davlat buyurtmachilariga hunarmandlar o`rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga ko`ra ular tomonidan ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qilishga ruxsat berildi.
Davlat buyurtmachilariga xarid jarayoni ochikligi va shaffofligini ta`minlagan holda hunarmandlar o`rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga ko`ra ular tomonidan ishlab chiqarilgan hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qilishga ruxsat berildi.
Farmonga ko`ra 2023 yil 1 iyuldan hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kurerlik jo`natmalari sifatida jo`natish xarajatlarining 50 foizi (eksport hiymatining 50 foizigacha)Eksportni rag`batlantirish agentligi tomonidan qoplab berilishi belgilandi.
Farmonda davlat mulki bo`lgan madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlarida hunarmandlar joylashuvini ta`minlash maqsadida 2023 yil 1 iyuldan mazkur ob`ektlardagi binolarni ijaraga berish bo`yicha auksion savdolarini faqatgina Milliy katalog va Turizm reestriga kiritilgan hunarmandlar orasida o`tkazish tartibi joriy etilmoqda. Bunda hunarmandchilik faoliyati bilan shug`ullanish uchun ijaraga beriladigan madaniy meros ob`ektlari ro`yxati Madaniy meros agentligi tomonidan shakllantiriladi; madaniy meros ob`ektlarining boshlang`ich narxi amaldagi stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan holda auksionga chiqariladi; madaniy meros ob`ektlari 5 yil muddatga ijaraga beriladi. Shartnoma shartlari to`liq bajarilganda ijara muddati yana 5 yilga, qadimiy sulola davomchilari bo`lgan kamida uchinchi avlod hunarmandlariga o`n yil muddatga uzaytirib beriladi.
Farmonda Xalqaro ko`rgazma va festivallarda: hunarmandlar va nogironligi bo`lganlarga hamrohlik qiluvchilarning borib-kelish xarajatlari - "Hunarmand" uyushmasi hisobidan;
milliy uslubdagi pavilonlar yaratish, mahsulotlarni targ`ibot qilish xarajatlari -Hunarmandchilik va kasanachilikni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi hisobidan qoplanishi belgilandi.
Farmonga ko`ra, Toshkent shahar hokimligi va "Hunarmand" uyushmasiga 2024 yil 1 martga qadar mahalliy byudjet mablag`larining orttirib bajarilgan qismi hisobidan "Yangi O`zbekiston" bog`iga tutash hududda zaxiradagi 0,3 gektar er maydonida "Hunarmandlar maskani"ni barpo etish va hunarmandlarga joylarni ijaraga berish topshirilmoqda.
Ushbu maskanda namoyish zali, "usta-shogird" maktabi va ustaxonalar tashkil etiladi.
Farmonda 2023-2024 yillarda hududlarda hunarmandchilik yo`nalishlarini rivojlantirish bo`yicha "yo`l xaritasi" tasdiqlandi hamda ayrim qonunchilik hujjatlari Farmon talablariga moslashtirildi.






